Huawei 1
Toshkentdagi 10 ta saylov uchastkalarida elektron ovoz berish sinovdan o‘tkaziladi

Markaziy saylov komissiyasi 12-oktabr kuni Toshkent shahrida joylashgan ayrim saylov uchastkalarida saylov kuni elektron ovoz berish jarayonini sinovdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qildi, deya xabar qilmoqda MSK matbuot xizmati.

Qayd etilishicha, saylovchilarga qulaylik yaratish maqsadida mamlakat tarixida ilk marotaba elektron ovoz berish jarayonini sinovdan o‘tkazish reja qilinmoqda.

Sinab ko‘rilishi rejalashtirilgan elektron ovoz berish qurilmalaridan 37 ta xorijiy davlatlarda (AQSh, Germaniya, Buyuk Britaniya, Italiya, Braziliya, Singapur, Avstraliya va boshqalar) foydalanilgan bo‘lib, ular orqali shu kunga qadar 6,5 milliarddan ortiq saylovchilar ovoz bergan.

“Elektron ovoz berish tartibi ovoz berish va saylov natijalarini tezkor aniqlash, ovoz berish jarayonlarining qonuniyligini ta’minlash, saylov komissiyalarining ish hajmini maqbullashtirishga xizmat qiladi”, — deyiladi xabarda.

Qurilma saylov byulletenlarining elektron ko‘rinishlari bilan maxsus dasturlangan, monitor, qog‘ozni chop etuvchi va avtomatik tarzda kesuvchi printer, saylov qutisi va uni masofadan faollashtirish tugmasidan iborat bo‘ladi. Undan foydalanish tartibi uchastka saylov komissiyasining tegishli mas’ul a’zosi tomonidan tushuntiriladi.

Mazkur tizim Toshkent shahar hududiy saylov komissiyasining tavsiyasiga asosan poytaxtdagi 16, 17, 18, 19, 20, 21, 22, 23, 24 va 25-saylov uchastkalarida joriy etiladi.

Elektron ovoz berish sinovdan o‘tkaziladigan saylov uchastkalarida saylovchilar an’anaviy yoki elektron ovoz berishni mustaqil tanlash huquqiga ega.

Bundan tashqari, MSK tomonidan elektron ovoz berish qurilmalari orqali byulletenni to‘ldirish tartibi ham tasdiqlandi.

Majlisda saylov uchastkalarida ovoz berish jarayonlarini internet orqali onlayn translyatsiya qilishni qo‘llash masalasi ham ko‘rib chiqildi. Tegishli texnik talablarga muvofiq bo‘lgan saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha qaror qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101421 | Инструменты