OTMga o‘qishga kirishda xotin-qizlarga qo‘shimcha 2 mingta davlat granti ajratiladi
2022-yil 16-iyun kuni AOKAda "Ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish jarayonlarini tashkil etish, professional ta’lim tizimidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha" matbuot anjumani bo'lib o'tmoqda. Unda vazir Abduqodir Toshulov ham ishtirok etmoqda. Yig'ilishda bu yilgi OTMga qabul bo'yicha qaror va yangiliklar aytib o'tildi.
Qarorga ko‘ra, 2023/2024 o‘quv yilidan:
- davlat OTMga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari faqat davlat granti bo‘yicha tasdiqlanadi;
- davlat OTMga (moliyaviy mustaqillik berilgan oliy ta’lim muassasalari bundan mustasno) to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari bo‘ysunuvi bo‘yicha tegishli vazirlik (idora) tomonidan tasdiqlanadi hamda har yili 20-iyungacha Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi;
- OTM bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos keluvchi imtihon fanlari majmuasi imtihon sinovlari boshlanishidan kamida 6 oy oldin e’lon qilinadi.
2022/2023 o‘quv yilidan respublikada faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlariga davlat granti asosida kadrlar tayyorlash bo‘yicha 1 000 ta o‘rin ajratib boriladi.
Qarorga ko‘ra, Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasining tavsiyanomasini olgan, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun 2022/2023 o‘quv yilidan bakalavriatning kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha umumiy belgilangan davlat granti asosidagi qabul parametrlariga qo‘shimcha 2 000 ta davlat granti ajratiladi. Bunda:
- tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun davlat granti asosida ajratiladigan qabul parametrlarining kamida 50 foizi aniq va tabiiy fanlar, texnika va tibbiyot yo‘nalishlari orasida taqsimlanadi;
- har yili 20 iyulgacha tavsiyanomaga ega xotin-qizlar uchun davlat granti o‘rinlarining OTM va bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha taqsimoti Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Qarorga ko‘ra, quyidagilar davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi:
- 2021/2022 o‘quv yilida davlat OTM magistraturasiga talabalikka qabul qilinib, to‘lov-kontrakt asosida tahsil olayotgan xotin-qizlarning 2022/2023 o‘quv yili uchun to‘lov-kontrakt miqdori;
- 2022/2023 o‘quv yilidan davlat OTM magistraturasiga ajratilgan qabul parametrlari doirasida bazaviy to‘lov-kontrakt asosida talabalikka qabul qilingan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt miqdori.
Alpha version: 0.9.1.19 build 101809 | Инструменты