Huawei 1
O'zbekiston va Malayziya o'rtasidagi ziyorat turizmi yo'nalishidagi hamkorlik yanada faollashadi

O'zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyev Malayziya turizm, san'at va madaniyat vazirligi huzuridagi Islom turizm markazi bosh direktori Nizran Nurdin bilan uchrashuv o'tkazdi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA.

Unda ikki mamlakat o'rtasidagi ziyorat turizmi sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Kuala-Lumpurda O'zbekiston turizm salohiyatini keng targ'ib qilish, respublika turizm sohasi vakillari uchun Malayziyaning ziyorat turizmi bo'yicha ilg'or tajribasini o'rganish hamda sayyohlik xizmatlarini musulmon sayyohlarning ehtiyojlariga mosligini tasdiqlovchi "Muslim-Friendly Tourism and Hospitality Assurance and Recognition" sertifikatsiyalash tizimiga oid o'quv dasturlarini tashkil etish xususida fikr almashildi.

Elchi Karomiddin Gadoyev so'nggi yillarda O'zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, jumladan zamonaviy sayyohlik infratuzilmasini yaratish bo'yicha olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar, musulmon mamlakatlardan tashrif buyuradigan sayyohlarga yaratilgan qulayliklar haqida so'zlab berdi.

Buxoro, Samarqand, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrining turizm dasturlari, jumladan "ziyorat turizmi", "Umra+", "madaniy turizm", "gastroturizm", "qishki turizm" kabi turpaketlar malayziyaliklar orasida keng targ'ibot qilinayotgani ta'kidlandi.

Nizran Nurdin ikki mamlakat turizm sohasi vakillari o'rtasidagi o'zaro manfaatli hamkorlik izchil rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Tomonlar Malayziyaning ziyorat turizmi sohasidagi ilg'or tajribasini o'rganish, ikki mamlakat turizm sohasi vakillari ishtirokida qo'shma o'quv seminarlarni tashkil etishga kelishib olishdi.

Ta'kidlash kerakki, Malayziya halol turizm standartlari bo'yicha dunyoning yetakchi mamlakatlaridan biri hisoblanadi. Hukumat turizm sohasidagi tadbirkorlik subyektlari tomonidan taqdim etiladigan xizmatlarni halol sertifikatlash bo'yicha tartibni joriy qilgan. Ushbu sertifikatlash tizimi xalqaro tashkilotlar tomonidan tan olingan bo'lib, musulmon davlatlardan mamlakatga yanada ko'proq sayyohlarni jalb qilishga xizmat qilmoqda. 

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112818 | Инструменты