Qonunchilik palatasining 28-noyabrdagi navbatdagi majlisida deputatlar yo‘l harakati qoidalari bilan bog‘liq qonun loyihasini uch o‘qishda ko‘rib chiqib, qabul qildi.
Loyiha bilan transport vositalarini mast holatda boshqarish yoki mastlik holatida tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash uchun jinoiy javobgarlik belgilanmoqda. Amalda buning uchun ma’muriy javobgarlik mavjud.
Majlisda so‘zga chiqqan Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayevning ma’lum qilishicha, qonun loyihasiga ko‘ra, Jinoyat kodeksiga 5 ta qo‘shimcha modda kiritilishi nazarda tutilmoqda. Bular 227-1, 228-2, 261-1, 261-2, 262-1-moddalari bo‘lib, tegishliligi bo‘yicha quyidagicha:
• avtotransport vositalari va ular tirkamalarining davlat raqam belgilari va yoxud identitsikatsiya raqamlarini qonunga xilof ravishda tayyorlash, o‘tkazish yoki undan foydalanish, shuningdek, uni qalbakilashtirish;
• avtotransport vositalari va shahar elektr transport vositalari haydovchilari hamda traktorchi mashinistlarini tayyorlash va qayta tayyorlash, shuningdek, imtihonlarni o‘tkazish va guvohnoma berish tartibini buzish;
• transport vositalarini mast holatda boshqarish yoki tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlash;
• transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum etilgan shaxs transport vositasini boshqarishi;
• siqilgan tabiiy gazda, suyultirilgan neft gazida yoki dizel va gazsimon yoqilg‘i aralashmasida ishlaydigan transport vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalarini buzish.
Majlisda ma’lum qilinishicha, so‘nggi yillarda ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga amal qilmaslik oqibatida yo‘l-transport hodisalari soni ortib bormoqda. Jumladan, transport vositasini mastlik holatda boshqarish bilan haydovchi o‘zining harakatini anglay olmasligi oqibatida og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalari sodir bo‘lmoqda.
Ayrim haydovchilar tomonidan yo‘l harakati qoidalariga bepisandlik bilan qarash, transport boshqarish madaniyatiga rioya qilmaslik, yo‘l harakatining boshqa qatnashchilariga nisbatan hurmatsizlik, transport vositasini keskin boshqarish hamda boshqa harakatlarda ifodalanadigan “agressiv boshqarish” holatlari ko‘paymoqda. Mazkur qonun loyihasi yo‘l harakati ishtirokchilarning yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilishini ta’minlash hamda og‘ir oqibatli yo‘l-transport hodisalarning oldini olishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122622 | Инструменты