O'zbekistonda daraxtlarni kesganlik uchun jazo choralari kuchaytiriladi

Bugungi kunda tez-tez chang bo‘ronlari kuzatilib, iqlim o‘zgarishlari yuzaga kelayotganini ko‘rib, guvohi bo‘lib turibmiz. Bu kabi ekologik o‘zgarishlar, muammolar atrof tabiiy muhitni asrash, yashil maydonlarni saqlash va ko‘paytirishni taqozo qiladi. Ammo daraxtlarni kesish holatlari to‘xtagani yo‘q, bu holatlar afsuski, davom etmoqda.

Endilikda daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini kesishga, kundakov qilishga, shikastlantirishga yoki yo‘q qilishga olib keladigan loyiha hujjatlarini ishlab chiqqanlik uchun maʼmuriy javobgarlik belgilanmoqda. Shuningdek, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun maʼmuriy jazo choralari kuchaytirilmoqda.  

Ushbu tartiblarni o‘z ichiga olgan qonun loyihasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishida ikkinchi o‘qishda muhokama qilindi. 

– Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda, – dedi fraksiya rahbari X.G‘afforov. – Jumladan, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ayni kunlarda ko‘chat ekish ishlari qizg‘in olib borilmoqda. Ammo ayrim shaxslarning o‘simlik dunyosi obyektlariga nisbatan tajovuzkorona xatti-harakatlari, daraxtlarning qonunga xilof ravishda kesilishi bilan bog‘liq holatlar bugungi kunda ham uchrab turibdi. Bu esa ekologik vaziyatning yomonlashishiga sabab bo‘lmoqda. Shu bois ham sohaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirib, ekologiyamizga xavf soladigan holatlarni bartaraf qilish choralarini ko‘rishimiz lozim.  

Yig‘ilishda taʼkidlanganidek, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida"gi qonun loyihasiga ko‘ra, daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesganlik, kundakov qilganlik yoki shikastlantirganlik uchun maʼmuriy jazo choralari kuchaytirilib, bir-birini takrorlovchi normalar chiqarib tashlanmoqda. Bundan tashqari, davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesgan yoki yo‘q qilgan shaxslarning qonunga xilof ravishda kesilgan daraxt va buta o‘rniga kompensatsiyaviy daraxt va buta ko‘chatlarini aynan daraxt va buta kesilgan joyga ekish hamda ularni uch yil davomida parvarish qilish majburiyati belgilanmoqda. Shuningdek, daraxtlar va butalarning qimmatbaho navlarini qonunga xilof ravishda kesganlik yoki yo‘q qilganlik uchun yuridik shaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.  

Muhokamalarda so‘z olgan fraksiya aʼzolari loyihada ko‘zda tutilayotgan normalar daraxtlar va butalarni qonunga xilof ravishda kesish, kundakov qilish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish bilan bog‘liq maʼmuriy huquqbuzarliklarning oldini olishga xizmat qilishini taʼkidladi. Partiya dasturiy vazifalaridan kelib chiqqan holda qator fikr-mulohaza va takliflarni bildirdi.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты