O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining davlat xaridlari bo‘yicha xarid.uzex.uz elektron savdo tizimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan davlat xaridlarini elektron tarzda rasmiylashtirish imkoni yaratildi.
Ma'lum qilinishicha, buning uchun yetkazib beruvchi o‘zining shaxsiy kabineti orqali xarid.uzex.uz savdo tizimida elektron shartnomani shakllantirib, uni davlat buyurtmachisiga yuboradi.
O‘z navbatida, davlat buyurtmachisi mazkur taklifni o‘rganib chiqib, davlat xaridlari bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomani tuzishga doir qaror qabul qiladi. Bunda, davlat buyurtmachisining talablariga muvofiq mazkur shartnomaga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin.
Mazkur xizmatning joriy etilishi davlat buyurtmachilari va tovar yetkazib beruvchilari uchun qo‘shimcha qulaylik yaratib, davlat xaridlari jarayonini soddalashtiradi va shaffofligini ta’minlaydi.
Ma’lumot uchun, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshiriladigan davlat xaridlari xarid qilish tartib-taomillaridan biri hisoblanadi. Davlat xaridlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonuni bilan belgilangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 13110 | Инструменты