Huawei 1
O'zbekistonda “Islom ensiklopediyasi”ning ilk jildi nashrdan chiqdi

O'zbekistonda umuminsoniy qadriyatlarni asrab-avaylash, o'zbek xalqining ilmiy-madaniy merosini jonlantirish va Islom dinining asl mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 apreldagi «Diniy-ma'rifiy soha faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmoni mazkur faoliyatning asosiy negizi hisoblanadi. Hujjatga muvofiq O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi tashkil etildi va Akademiyada amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri – ko'p jildli Islom ensiklopediyasidir.

«Islom ensiklopediya»si taxminan 20 jilddan iborat bo'ladi, unda 60 mingdan ortiq maqola chop etilishi rejalashtirilgan. Ensiklopediyaning dastlabki nashri o'zbek tilida yaratilmoqda va kelgusida boshqa tillarga ham tarjima qilinadi. Ushbu ilmiy manbani yaratish ishlariga Osiyo, musulmon Sharqi, Yevropa mamlakatlari va Turkiyadan olimlar jalb etilgan. Qur'on, hadis, islom huquqi, islom tarixi, adabiyot va san'at kabi sohalarda ilmiy-maslahat kengashlari tuzilgan.

Ensiklopediya mazmunini belgilashda dunyoning ilg'or an'analaridan, shuningdek, O'zbekistonda bu sohada to'plangan tajriba va mavjud nazariy ishlanmalardan ijodiy foydalanishga harakat qilingan.

Yangi «Islom ensiklopediya»si o'zining mazmun va xususiyatlari bilan avvalgi nashrlardan tubdan farq qiladi. Unda Islom dinining ustunlari, shariat hukmlari, muqaddas joylar, masjid va madrasalar, Islom ilmining rivojiga alohida hissa qo'shgan buyuk shaxslar, muhaddislar, faqihlar va Qur'on o'quvchilari haqida tizimli maqolalar berilgan. Nomlari va faoliyati ilgari keng jamoatchilikka noma'lum bo'lgan shaxslar haqidagi yangi ma'lumotlar ham ilmiy muomalaga kiritilgan.

Manbaga kiritilgan maqolalar tegishli suratlar, xaritalar va boshqa tasviriy materiallar bilan boyitilgan. Bibliografiyada o'zbek, arab, turk, ingliz, nemis, rus va boshqa tillardagi eng so'nggi nashrlar mavjud.

495 betlik «Islom ensiklopediya»sining ilk jildi 118 nafar muallif tomonidan yozilgan 419 ta maqola, 161 ta ma'lumotnoma, 5 ta xarita, 121 ta surat va bezak, 65 ta tasvir, litografiya, bosma nashrlar hamda 24 ta portretni o'z ichiga oladi.  

«Islom ensiklopediya»sini nashr etishdan ko'zlangan asosiy maqsad ilmiy bilimlarni to'plash va o'zbek xalqining Islom dini bilan bog'liq ma'naviy merosining tegishli jihatlarini, ularning ijtimoiy-siyosiy, madaniy va ma'naviy jarayonlarga ta'sirini birlashtirishdan iboratdir.


Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 112817 | Инструменты