Ta’kidlanishicha, istiqlolning eng ulkan tuhfalaridan biri – bu ota-bobolarimiz e’tiqod qilgan muqaddas Islom dinini o‘rganish, ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini tadqiq qilish, din arkonlarini emin - erkin ado etish imkonini berganidir.
Biroq, keyingi paytlarda diniy soha vakillari tomonidan qonuniy nikoh bo‘lmasa ham nikoh tuzishga doir diniy marosimlarni amalga oshiriish holatlari uchramoqda. Bu esa, o‘z -o‘zidan, ijtimoiy muammolar yuzaga kelishiga sabab bo‘layotir.
Ayrim diniy blogerlar tomonidan ijtimoiy tarmoqlarda dunyoviy va diniy hayot tarzini olib boruvchi jamiyat vakillari orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘layotgan, faqat o‘zining diniy qarashlarini ifodalovchi va diniy adovatni qo‘zg‘atishga qaratilgan chiqishlar ko‘payib borayotganligi ham qayd etildi.
Shu bois, mutasaddi idoralar tomonidan O‘zbekiston xalqining ko‘p asrlik tarixi va madaniy an’analarini inobatga olgan holda, “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun ishlab chiqilgan.
Qonunda milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik, ko‘p xotinli bo‘lishni va jins bo‘yicha kamsitishni targ‘ib qilganlik uchun tegishli javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.
Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor inkor etganlik hamda fuqarolarni milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab kamsitganlik hamda diniy tashkilot tomonidan o‘zining ustavida nazarda tutilmagan faoliyat bilan shug‘ullanganlik uchun ham javobgarlik belgilanmoqda.
Qonun bilan fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurgani uchun belgilangan ma’muriy javobgarlik esa bekor qilinmoqda.
Muhokamalar jarayonida ushbu qonunning qabul qilinishi natijasida jamiyatda millatlararo totuvlikni, diniy bag‘rikenglikni yanada mustahkamlashga, dunyoviy qadriyatlarni saqlab qolishga hamda xotin-qizlarning huquqlarini ishonchli himoya qilishga erishilishi qayd etildi.
Senatorlar, mutaxassislar, mahalliy kengashlardagi doimiy komissiyalar raislari, yoshlar parlamenti hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan yig‘ilish yakunida qonun bo‘yicha ekspertlar tomonidan tayyorlangan tavsiyalar Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga taqdim etildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51809 | Инструменты