Huawei 1
O'zbekistonda o'tgan 7 yil mobaynida oliygohlar soni 77 tadan 210 taga yetkazildi

O'zbekiston xalqaro hamkorlik tashabbuslari haftaligi doirasida "Yangi O'zbekistonda ta'lim tizimini transformatsiya qilish va ta'lim sifatini oshirish, IT va raqamli texnologiyalar sohasini qo'llab-quvvatlash pirovard maqsad sifatida" mavzusida navbatdagi davra suhbati bo'lib o'tdi

Mazkur xalqaro tadbirni Oliy ta'lim fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov ochib berdi. Xalqaro konferensiyada YUNESKOning O'zbekistondagi doimiy vakili o'rinbosari Sara El Attar, Buyuk Britaniya Kengashining O'zbekistondagi vakilligi direktori Deniz Voddingxem ishtirok etdi.

Oliy ta'lim fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov so'nggi yetti yilda amalga oshirilgan islohotlar natijasida respublikamizda ta'lim sifati va qamrovini oshirish hamda rivojlantirish, kadrlar tayyorlash tizimining iqtisodiyot ehtiyojlariga moslashuvchanligini ta'minlash, ilmiy-innovatsion faoliyatni har tomonlama qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish, mamlakatning innovatsion salohiyatini shakllantirish va yanada takomillashtirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo'yicha samarali mexanizmlar yaratilganini ta'kidladi.

YUNESKOning O'zbekistondagi doimiy vakili o'rinbosari Sara El Attar bugungi shiddat bilan o'zgarib borayotgan dunyoda ta'lim tizimini isloh qilish, ularning sifatini oshirish muhimligiga e'tibor qaratib, YUNESKO bu tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashini aytib o'tdi. U inklyuzivlik va ta'lim sifatini ta'minlaydigan tizim yaratish uchun zarur bo'lgan o'zgarishlarni muhokama qilarkan, raqamli transformatsiya, iqlim o'zgarishi va ijtimoiy tengsizlik kabi global muammolar oldida yoshlarning zamon talablariga javob beradigan ta'lim olish imkoniyatiga ega bo'lishini ta'minlash uchun kuchlarni birlashtirish lozimligi haqida so'z yuritdi.

Buyuk Britaniya Kengashining O'zbekistondagi vakilligi direktori Deniz Voddingxem Buyuk Britaniya ta'lim sohasidagi islohotlarning uzoq va muvaffaqiyatli tarixiga ega ekaniga urg'u berib, O'zbekiston hukumatining ta'lim sifatini oshirishga qaratilgan islohotlarining poydevori pedagog kadrlar tayyorlash, ilg'or texnologiyalardan foydalanish va barchaning ta'lim olish imkoniyatlaridan teng foydalanishini ta'minlashdan iborat ekanini qayd etdi. Sifatli ta'lim ijtimoiy va iqtisodiy imkoniyatlar eshiklarini ochuvchi vosita bo'lib, barqaror rivojlanish va global muammolarni hal qilishda innovatsion yondashuvni ta'minlashda ta'lim sohasidagi xalqaro hamkorlik muhim rol o'ynashini ta'kidladi.

Darhaqiqat, so'nggi yillardagi oliy ta'lim tizimida asosiy e'tibor mamlakatimiz yoshlarini ta'lim olishi uchun keng imkoniyat va zarur sharoit yaratishga qaratildi. Natijada, o'tgan 7 yil mobaynida oliygohlar soni 77 tadan 210 taga yetkazildi. Maktab bitiruvchilarini oliy ta'limga qamrab olish darajasi so'nggi 7 yilda 3,5 karra oshdi.

40 dan ziyod oliygohlarga akademik va moliyaviy mustaqillik berilib, moliyaviy barqarorlikni ta'minlash, moddiy-texnika bazani mustahkamlash, kontrakt asosidagi qabul parametrlarini belgilashda mustaqil hal etish imkoniyati yaratildi. Har bir oliy ta'lim muassasasi tomonidan o'quv rejalar va o'quv dasturlarini mustaqil ishlab chiqilishi va tasdiqlanishi tartibi joriy etildi.

Talabalikka qabul qilishda qizlar uchun alohida davlat grantlari asosidagi qabul ko'rsatkichi ajratildi. 2021-yildan esa ehtiyojmand oilalar farzandi bo'lgan xotin-qizlar uchun davlat granti 2 barobarga oshirildi. Davlat oliy ta'lim muassasalarining magistratura bosqichida o'qiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to'lovlari to'liq qoplab berilmoqda.

So'nggi yillarda axborot-kommunikatsiya tizimini mamlakat iqtisodiyotining "drayver"laridan biri, shiddat bilan rivojlanayotgan soha deb hech ikkilanmasdan aytish mumkin. Yangi asrda biror bir davlat bu tarmoqni rivojlantirmay turib taraqqiyotga erishishi imkonsiz. Shu sababli keyingi davrda IT-infratuzilmani rivojlantirish, bu soha bo'yicha malakali kadrlar tayyorlash hamda xorijiy kompaniyalarni jalb etgan holda investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish ustuvor vazifaga aylangan.

Tadbirda so'zga chiqqan Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 2017-2023-yillarda sohada sezilarli o'sishga erishilgani va rivojlanish bo'yicha mintaqada yetakchi o'rinni egallayotganini ta'kidladi.

Vazir IT-Park rezidentlari tomonidan ko'rsatilgan eksport hajmi 2017-yildan 2023-yilgacha 573 barobarga ortganini qo'shimcha qilib, bu ko'rsatkich, 2017-yilda 600 ming dollar bo'lgan bo'lsa, 2023-yil yakunida 344 mln dollargacha yetkazilgani, O'zbekiston dinamik IT-Hubga aylanib borayotgani va "IT-Park Uzbekistan" ushbu jarayonda strategik rol o'ynayotganini aytib o'tdi.

Shuningdek, Sherzod Shermatov hozirgi kunda IT-Park 2200 dan ortiq rezidentga ega bo'lib, ularning 800 dan ortig'i eksport qiluvchi kompaniya ekanligi, 540 dan ortig'i xorijiy kapitalga ega kompaniyalar ekanligini, 2030 yilgacha IT-Park rezidentlari tomonidan eksportga yo'naltirilgan 300 mingdan ortiq yangi ish o'rnini yaratish rejalashtirilgani va IT xizmatlar va dasturiy mahsulotlar eksporti hajmini 5 milliard dollarga yetkazilishiga e'tibor qaratdi hamda vazirlik missiyasi raqamlashtirish orqali insonlar hayotini yengillashtirish va qo'shimcha daromad topish imkoniyatlarini kengaytirish ekanini ta'kidladi.

Latviya Respublikasining sobiq Prezidenti Raymonds Veyonis ta'kidlashicha, O'zbekistonning sarmoyaviy muhitdagi islohotlari Yevropa davlatlari kompaniyalarining ko'payishini osonlashtiradi. Xorijiy investitsiyalar uchun tartib-taomillarni soddalashtirish va xorijiy kompaniyalarning bu yerga kelib ishlashi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ayniqsa, O'zbekistonda IT-Park rezidentlariga beriladigan imtiyozlar 2040-yilgacha uzaytirilishi investorlar uchun ishonchni oshirib, jozibador muhit yaratdi. Bu islohotlar 2030-yilga qadar IT eksporti 5 mlrd AQSh dollarga yetkazish va Su'niy intellekt bozori 1,5 mlrd AQSh dollarga yetkazilishiga zamin yaratadi.

Serbiya Respublikasining sobiq Prezidenti Boris Tadich fikricha, O'zbekiston hukumati tomonidan IT sohasiga berilayotgan e'tibor tufayli O'zbekiston "Mintaqaviy IT-Hub"ga aylanmoqda. Buning natijasida O'zbekiston xorijiy kompaniyalar uchun biznes yuritish va investitsiyalar kiritishga eng qulay mamlakatlardan biridir.

Shuningdek, Xalqaro elektraloqa ittifoqi sobiq bosh kotibi Hamadoun Ture amalga oshirilgan ishlar natijasida O'zbekiston BMTning Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida 193 ta davlat orasida 24 pog'onaga ko'tarilib, 63-o'rinni egallab, eng katta pog'ona yuqorilagan mamlakatlar TOP-10 taligidan joy olganligini alohida ta'kidlab o'tdi.

Shu bilan birga, u telekommunikatsiya sohasida olib borilayotgan islohotlarga to'xtalib, O'zbekistonda 7 yil ichida aloqa qamrovi 41 foizdan 99 foizga yetkazilgani, Internet narxi arzonligi bo'yicha 22-o'rinni egallagani, O'zbekistonda "5G" texnologiyasi rivojlangani va MDH davlatlari ichida birinchilardan bo'lib "5G"ni uzoq hududlarda joriy qilgani hamda yuqori tezlikdagi Internet oshayotganini qo'shimcha qildi.

Davlatrahbari tomonidan soha oldiga O'zbekistonda biznes yuritish uchun eng qulay shart-sharoitlarni yaratish vazifasi qo'yilgan. Bu ustuvor maqsadga raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va elektron hukumat tizimini takomillashtirishga qaratilgan davlat dasturlari, shuningdek, "Raqamli O'zbekiston — 2030" strategiyasini sifatli amalga oshirmasdan erishib bo'lmaydi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102416 | Инструменты