O'zbekistonda xalqaro yoki milliy sertifikatga ega bo‘lgan maktab o‘qituvchilariga 50 foizgacha ustama beriladi

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 11-maydagi farmoniga ko‘ra, shu yil 1-sentyabrdan boshlab umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama to‘lanadi.

Quyida ushbu pullar qanday tartibda berilishi ko'rsatilgan: 

— xalqaro tan olingan va unga tenglashtirilgan milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;

— xalqaro talablarga javob bermaydigan milliy sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida.

Pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida to‘lanadi.

Agar o‘qituvchi umumta’lim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega bo‘lsa, yuqoriroq foizli ustama beruvchi sertifikat bo‘yicha ustama to‘lanadi.

Ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha Xalq ta’limi hamda Moliya vazirliklarining 2022-yil 29-iyulda qo'shma qarori qabul qilingan. Unga ko'ra, sertifikatlar uchun qo‘shimcha ustamalarni to‘lash 1-sentyabrdan joriy etiladi.

Shuningdek, informatika va axborot texnologiyalari, fizika, geografiya va tarix fanlaridan ham milliy sertifikasiya sinovlarini o‘tkazish boshlanadi.

Izohlar: 1
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 61321 | Инструменты