Huawei 1
O'zbekistonda yanvar oyida qanday ob-havo bo'ladi?

Yanvar – qish faslining o‘rtasi bo‘lib, u iqlim xususiyatlariga ko‘ra yilning eng sovuq oyidir.

Shuni aytib o‘tish joizki, yanvar oyi O‘zbekistonda har doim ham eng sovuq oy bo‘lavermaydi. 2002-2003 yillarda dekabr oyi yanvar va fevral oylariga nisbatan eng sovuq oy bo‘lgan. 2013-2014 yillarning fevral oyi esa dekabr va yanvar oylariga nisbatan eng sovuq bo‘lgan.

O‘zbekistondagi barcha qish oylari kabi, yanvar oyi ham iliq va sovuq davrlar o‘rin almashib turishi bilan ajralib turadi. Butun yanvar oyi sovuq bo‘lgan yillar juda kam kuzatiladi.

Barcha kuzatuv davrlari uchun hududning katta qismi bo‘yicha 1969 va 2008 yillarda yanvar oylari eng sovuq bo‘lib, me’yordan 8-12o ga past bo‘lgan, ushbu asrda esa 2006 va 2023 yillarning yanvar oylari eng sovuq bo‘lib, me’yordan 
4-7° ga past bo‘lgan.

So‘nggi yillarda sovuq yanvar oylariga qaraganda iliq yanvar oylari tez-tez takrorlanmoqda. Respublika hududining katta qismida 2016, 2019, 2022 va 2024 yillardayanvar oylari me’yorga nisbatan ancha yuqori bo‘lib, me’yordan 
3-6° ga yuqori bo‘lgan.

O‘zbekiston hududining katta qismida barcha kuzatuv yillari uchun havo haroratining mutlaq minimumi (eng past qiymatlar) 23-28 daraja sovuqni, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 29-34 daraja sovuqni, Ustyurta 39 daraja sovuqni, eng chekka janubda 18-23 daraja sovuqni tashkil etadi.

Respublika hududining katta qismida bu qiymatlar 1969 va 2008 yillarda qayd etilgan.

2023 yil yanvar oyi 1969 va 2008 yillardagidek sovuq bo‘lmagan, ammo oy o‘rtalarida markaziy viloyatlar va Farg‘ona vodiysida ba’zi joylarda so‘nggi 30 yil ichida havo harorating eng past qiymatlari kuzatilgan.

2016, 2019, 2022, 2024 yillarning juda iliq yanvar oylarida minimal havo harorati 2-5 daraja sovuqdan, shimolda 8-10 daraja sovuqdan pastga tushmagan, faqat Ustyurtda eng sovuq kechalarda 12-15daraja sovuq bo‘lgan.

Yanvar oyida yog‘ingarchilik juda tez-tez kuzatiladi, oyiga o‘rtacha 9 kundan 14 kungacha yog‘ingarchilik bo‘ladi.

O‘zbekiston hududining katta qismida yanvar oyida yog‘ingarchilik miqdori 25 mm dan 45 mm gacha ni, tog‘ oldi hududlarda 65-90 mm ni, ba’zi joylarda 110 mm ni, respublika shimolida, cho‘l hududlarda va Farg‘ona vodiysida 10-22 mm ni (ko‘p yillik davr uchun o‘rtacha) tashkil etadi.

Kuzatilayotgan global isish fonida tekislik hududlarda va hatto tog‘ oldi hududlarda yanvar oyida yog‘ingarchilik ko‘pincha yomg‘ir ko‘rinishida bo‘ladi.

Buning hisobiga, tekislik hududlarda qor qoplami ko‘pincha qisqa muddatli (5 kundan kam) bo‘lib, ba’zida esa qor qoplami umuman shakllanmaydi.

Respublikaning markaziy va sharqiy viloyatlari bo‘yicha 1969 yilning sovuq yanvar oyi yog‘ingarchilik (qor) eng ko‘p bo‘lgan. Ushbu yilda tekislik hududlar bo‘yicha qor balandligi 40-66 sm ga yetgan. So‘nggi yillarda esa 2008 yil yanvar oyi yog‘ingarchilik (qor) eng ko‘p bo‘lgan.

Bu yil yanvar oyining birinchi yarmida O‘zbekiston hududi bo‘yicha anomal sovuq yoki anomal iliq sharoit kutilmayapti. Havo harorati yanvar oyi boshi uchun bo‘lgan o‘rtacha ko‘p yillik qiymatlarga yaqin bo‘lib, kechalari 3 daraja sovuq-2 daraja iliq, kunduz kunlari 3-8 daraja iliq, shimolda kechalari 3-8 daraja sovuq, kunduz kunlari 0-5 daraja iliq bo‘ladi.

Keyinchalik, oyning oxirigacha harorat kechalari 3-8daraja iliqdan 3-8 daraja sovuqqacha, shimolda 10-15 daraja sovuqqacha, kunduz kunlari 10-15 darajiliqdan 2 daraja sovuq-3 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

Harorat kechalari 10-12o daraja sovuqqacha, shimolda 17-20 daraja sovuqqacha qisqa davrga pasayishi ehtimoli bor.

Oyning ayrim kunlarida yog‘ingarchilik (yomg‘ir, qor) bo‘lishi kutilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122805 | Инструменты