O'zbekistonda Yevropalik hamkorlar bilan bioiqtisodiyot bo'yicha magistratura dasturi joriy etiladi
Yevropa Ittifoqining ERASMUS+ CBHE “Oliy ta'limda salohiyatni oshirish” loyihasining 2020 yil bo'yicha tanlovi natijalariga ko'ra “BioEconomy – O'zbekistonda barqaror bioiqtisoidyot bo'yicha yangi magistratura dasturini joriy etish” loyihasiga start berildi.
Loyiha maqsadi O'zbekistondagi universitetlarda hamkor Yevropa OTMlari tajribasi asosida Bioiqtisodiyot bo'yicha yangi magistratura mutaxassisligini tashkil etish hisoblanadi.
Bioiqtisodiyot - Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun yangi tarmoq bo'lib, Yevropa va AQShda yaqindan boshlab qo'llanilib kelinyapti. Bioiqtisodiyot - qayta tiklanadigan biologik resurslarni ishlab chiqarish va ushbu resurslarni hamda chiqindilarni oziq-ovqat, ozuqa, biologik mahsulotlar va bioenergetika kabi qo'shimcha qiymatga aylantirish sohasidir.
Joriy yilning 10 oktyabr kuni loyiha ishtirokchilari hisoblangan Latviyaning tabiiy fanlar va texnologiyalar universiteti, Finlandiyaning Yuviskale amaliy fanlar universiteti, Litvaning Vitautas Magnus universiteti, Oliy va o'rta maxsus ta'lim vazirligi, Qishloq xo'jaligi vazirligi, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo'jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti, Toshkent davlat agrar universiteti, Buxoro davlat universiteti hamda O'zbekiston Agro-axborot va innovatsiyalar markazi mutaxassislari bilan dastlabki muhokama onlayn shaklda bo'lib o'tdi.
Muhokamada loyiha doirasida amalga oshiriladigan ishlar rejasi kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 90400 | Инструменты