O'zbekistondan Afg'onistonga yangi multimodal yo'l bo'yicha birinchi yuk poyezdi jo'nab ketdi

Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston-Afg‘oniston multimodal yo‘lagini rivojlantirish maqsadida Qashg‘ar-O‘sh-Andijon-G‘alaba-Hayraton yangi tranzit yo‘nalishi bo‘ylab yuk poyezdini sinovdan o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.

Kecha, 19-sentyabr kuni ushbu yo‘nalish bo‘yicha 12 dona 40 futlik konteynerdan iborat birinchi poyezd mamlakatimiz hududi orqali yo‘lga chiqdi. Unda oziq-ovqat yuklari, jumladan, maishiy texnika va xalq xoʻjaligi ehtiyojlari uchun moʻljallangan mahsulotlar bor. 

Ma'lum qilinishicha, O‘zbekiston hududida yuk tashishda 70 % lik, multimodal yo‘lakning boshqa mamlakatlari hududida esa 50% gacha bo'lgan tarif imtiyozlari taqdim etildi.

Tovarlar Xitoy tomoni tomonidan konteynerlarga shakllantirilgan va O‘sh vokzalida (Qirg‘iziston) bu konteynerlar O‘zbekistonga tegishli fitting platformalariga ortilgan.

Poyezd manzilga 2 kunda yetib boradi. Taxminiy hisob-kitoblarga ko'ra, ushbu multimodal yo'nalish bo'yicha pilot loyihaning barcha nuanslari ishlab chiqilgandan so'ng, birgina Afg'oniston yo'nalishidagi yuk aylanmasi yiliga 4000 dan ortiq konteynerni tashkil qiladi.

Eslatib oʻtamiz, “Xitoy – Qirgʻiziston – Oʻzbekiston – Afgʻoniston” yangi multimodal yoʻlagi boʻylab yuk tashish Qashgʻar temir yoʻl vokzalidan (Xitoy) Oʻsh temir yoʻl vokzaliga (Qirgʻiziston) avtomobil yoʻli orqali, soʻngra Mozori Sharif vokzaliga qadar amalga oshiriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 123108 | Инструменты