Fransiyaning Vezul shahrida joriy yilning 6-13-fevral kunlari Xalqaro Osiyo filmlari festivali bo'lib o'tdi.
Festivalda Yaqin va O'rta Sharq, Markaziy, Janubiy va Janubi-Sharqiy Osiyo davlatlaridan 100 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlar taqdim etildi. Ularni Fransiyaning turli mintaqalaridan 30 mingdan ortiq tomoshabin ko'rdi.
Hindiston, Eron, Qozog'iston, Xitoy, Koreya Respublikasi, Tailand, O'zbekiston va Shri-Lanka kino ustalari tomonidan suratga olingan 9 ta film asosiy tanlov doirasida namoyish etildi.
Jumladan, Vezul kinofestivalida yosh o'zbek kinorejissyori Shokir Xoliqov tomonidan suratga olingan "Yakshanba" ("Sunday") filmining premyerasi bo'lib o'tdi. Kinokartina tomoshabinlarda katta qiziqish uyg'otdi va taniqli eronlik kinorejissyor va ssenariy muallifi Mohsen Maxmalbaf raisligidagi xalqaro hakamlar hay'ati tomonidan munosib baholandi. Yakunda "Yakshanba" filmi ikkita sovrin – "Tomoshabin mehrini qozongan film" nominatsiya bo'yicha hamda kinotanqidchilar mukofotini qo'lga kiritdi.
Kinofestival tashkiliy qo'mitasining press-relizida yozilishicha, kinotanqidchilar xalqaro hay'atiga filmda ishlatilgan grafik kompozitsiyasi va detallar alohida ta'sir qilgan va ular "Yakshanba" filmini taqdirlashga qaror qilgan. Dramada chekka qishloqda tinch-totuv hayot kechirayotgan chol-kampir hayoti yuksak mahorat bilan kinotasmalariga muhrlangan.
Alpha version: 0.9.1.19 build 102214 | Инструменты