Huawei 1
Parkent va Yangiqo‘rg‘on tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonalari davlat xaridlarida qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yganligi aniqlandi

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan davlat xaridlari sohasida o‘tkazib kelinayotgan o‘rganishlar jarayonida Parkent tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining 1,28 mlrd so‘mlik, Yangiqo‘rg‘on tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasining 850,0 mln so‘mlik davlat xaridlarida qonunbuzilishi holatlariga yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.

Maʼlumot o‘rnida: Parkent tuman yo‘llardan foydalanish UK buyurtmachiligidagi davlat xaridi 2023-yil 11-sentabr kuni “Toshkent viloyati, Parkent tumanidagi 4 K 719 yo‘lning Yangibozor q.-Qirg‘izovul q.-Achchiqsoy q.-Parkent sh.” 6-21 km qismini joriy taʼmirlash, Yangiqo‘rg‘on tuman yo‘llardan foydalanish Uk unitar buyurtmachiligidagi davlat xaridi esa 2023 yil 23 avgust kuni ko‘priklarni taʼmirlash xizmati ko‘rsatish yuzasidan o‘tkazilgan.

“Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, mazkur davlat xaridlari raqobat va xolislik prinsipi, manfaatlar to‘qnashuvi, xarid komissiyasining huquq va majburiyatlari, Ishtirokchini xarid qilish tartib-taomillarida ishtirok etishdan chetlatish shartlari va davlat xaridlari jarayonidagi cheklovlarga zid tarzda amalga oshirilgan. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat xaridlarini amalga oshirish bilan bog‘liq tartib-taomillarni tashkil etish va o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi Qarori bilan tasdiqlangan Nizomning bir qator talablariga amal qilinmagan.

O‘rganish mobaynida, xususan, xaridlarda ishtirok etgan talabgorlarning hujjatlari xarid komissiyasi aʼzolari foydalangan qurilmalar (IP-manzillari bir xil) orqali elektron platformaga yuklanganligi hamda affillangan shaxslar xarid jarayonidan chetlashtirilmasdan g‘olib deb topilganligi maʼlum bo‘ldi.

Mazkur holatlar bo‘yicha (bayonnoma tasdiqlangan kunning o‘zida) xarid komissiyasining bayonnomasini bekor qilish to‘g‘risida buyurtmachilarga taqdimnomalar kiritildi va to‘plangan hujjatlar qonuniy chora ko‘rish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentiga yuborildi.

Agentlikning taqdimnomasiga binoan har ikki korxona tomonidan xarid komissiyasining bayonnomalari bekor qilinishi taʼminlandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13109 | Инструменты