O'zbekiston elchixonasi xodimlari amaliy tashrif bilan Kichik Polsha voyevodligining ma'muriy markazi Krakov shahrida bo'ldilar, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
Safar doirasida shahar markazida joylashgan va Krakovdagi ilk o'zbek milliy taomlari restorani – "Golden Samarqand"ning ochilish marosimi bo'lib o'tdi. Tadbir doirasida o'zbek va polyak ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida davra suhbati tashkil etildi.
Unda Kichik Polsha voyevodligi Marshal idorasi, Krakov shahar meriyasi va hududiy Savdo-sanoat palatasi rahbariyati va vakillari ishtirok etdi.
Muloqot davomida Samarqand viloyati va Kichik Polsha voyevodligi o'rtasida hududlararo hamkorlik hamda Samarqand va Krakov shaharlari o'rtasida birodarlik rishtalarini o'rnatish istiqbollari muhokama qilindi.
"B2B" va "G2B" formatida o'tkazilgan muzokaralarda O'zbekistonda muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgan Polshaning "EQUNICO", "Voltex", "Elzat", "Alsal", "ControlTec", "GMS" va boshqa yetakchi korxonalar rahbarlari qatnashdi.
Diplomatlar tomonidan taqdim etilgan ma'ruza va taqdimotda O'zbekistonda olib borilayotgan keng ko'lamli va ortga qaytmas islohotlar, investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, hududlararo hamkorlikning rivojlanish tendensiyalari, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy munosabatlarning bugungi holati va istiqbollari haqida batafsil ma'lumot berildi.
Polshaning Yevropa Ittifoqi bozoriga kirishdagi darvoza sifatidagi o'rnidan kelib chiqqan holda, O'zbekiston bilan qator istiqbolli yo'nalishlarda, xususan energetika, qurilish, transport va logistika, qishloq xo'jaligi, oziq-ovqat sanoati, kimyo, turizm, mehnat migratsiyasi hamda ta'lim sohalarida o'zaro manfaatli loyihalarini amalga oshirish imkoniyatlari ko'rib chiqildi.
Polsha tomoni shu yilning 10-12-iyun kunlari o'tkazilishi rejalashtirilgan 4-Toshkent xalqaro investitsiya forumida ishtirok etishga katta qiziqish bildirdi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 51523 | Инструменты