Huawei 1
Poytaxt hokimligi bozorlarda patta narxlari oshganiga izoh berdi

Toshkent bozorlarida patta narxlari oshgani haqida xabar bergan edik. Bu bo‘yicha shahar hokimligining qarori qabul qilindi.

Toshkent shahar hokimligi bu o'zgarish bo‘yicha izoh berdi.

Qonunchilikka asosan bir martalik yig‘imlar, ijara to‘lovlari va ko‘rsatiladigan xizmatlar qiymati miqdorlari har yili tasdiqlanishi belgilangan.

Toshkent shahar hokimining 2025-yil 14-fevraldagi 101-14-0-Q/25-son qarori bilan 2025-yil uchun bozor ma’muriyati tomonidan undiriladigan bozor yig‘imi miqdori tasdiqlandi.

Unga muvofiq, patta puli sabzavot mahsulotlari hamda non va non mahsulotlari yo‘nalishida 10 foizga, uy buyumlari, kiyim-kechaklar va uy parrandalari kabi yo‘nalishlarda 17-20 foizgacha, sitrus, tropik va quruq mevalar, konserva, salqin ichiqliklar, gullar, avtomobillar uchun ehtiyot qismlar kabi yo‘nalishlarda 21-25 foizgacha, asal mahsulotlari kabi yo‘nalishlarda 26-29 foizgacha oshirilgan.

Toshkent shahridagi 19 ta bozor va savdo komplekslarining jami xarajatlari 2022-yilda 256,3 mlrd so‘mni, 2023-yilda 296,0 mlrd so‘mni, 2024-yilda 314,1 mlrd so‘mni tashkil etgan bo‘lib, 2025-yilda soliq, kommunal to‘lovlar, ish haqi oshishi hamda ta’mirlash va qurish ishlarini inobatga olib 383,5 mlrd so‘m (2024-yilga nisbatan 22 foizga ko‘p) reja qilindi.

Misol uchun: Eski Juva dehqon bozorining 2024-yilga nisbatan yer solig‘i 64 foizga (5,954 mlrd so‘m), kommunal to‘lovlar 17 foizga (4,254 mlrd so‘m) oshayotganligi, bundan tashqari, bozordagi rastalarni 5,9 mlrd so‘mga qayta qurish ishlari inobatga olinib, 2025-yil uchun xarajatlar 28,6 mlrd so‘mga (156 foiz) reja qilingan.

Qayd etish joizki, aslida belgilangan patta pullari aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatlarini zamonaviy darajaga olib chiqish uchun bo‘lib, ularning bozorlar va savdo komplekslari umumiy tushumidagi ulushi 15 foizga ham yetmaydi.

Patta yig‘imlarini oshirish orqali bozorlarni saqlash (tozalash, yoritish, obodonlashtirish, pavilonlar tom qismini (shifer, profnastil) ta’mirlash yoki yangisiga almashtirish, rastalarni ta’mirlash yoki yangi qurish, yo‘laklarni asfalt yoki bruschatka qilish, panjaralarni bo‘yash, kommunikatsiya tarmoqlarini saqlash turish) hamda sotuvchi va xaridorlarga qo‘shimcha qulayliklar yaratish ishlarini amalga oshirish, soliqlarni, kommunal to‘lovlarni va 1 600 dan ortiq ishchi xodimlarga oylik maoshlarini o‘z vaqtida to‘lash reja qilib olingan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22100 | Инструменты