Voqea yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda
Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentning Mirobod tumanida “Tez yordam” xodimlari kaltaklanganiga doir xabarlar tarqaldi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holat yuzasidan bayonot berdi.
Aniqlanishicha, kecha, 16-oktyabr kuni soat 18:50 atrofida Toshkent shahrining Mirobod tumani, Temiryo‘lchilar ko‘chasiga noma’lum erkak kishida “Qon ketish” sababi bilan yo‘lovchi fuqaro tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga chaqiruv kelib tushgan.
Shundan so‘ng shifokor va feldsherdan tarkib topgan “103” brigadasi chaqiruv manziliga sanoqli daqiqalar ichida yetib borgan.
“Tez yordam” xodimlari manzilga kelganida, ko‘chada bemorligi aytilgan 22 yoshli fuqaro noadekvat holatda yon-atrofdagi kishilarga tajovuz qilayotgani ma’lum bo‘lgan. “103” ko‘chma brigadasi unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatmoqchi bo‘lganda, mushtumzo‘r fuqaro shifokorlarga kuch ishlatib, TTYO avtomashinasiga ham jiddiy zarar yetkazgan.
Tez tibbiy yordam xodimlari darhol tuman ichki ishlar bo‘limiga murojaat qilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari yetib kelguniga qadar fuqaro M.A. “103” brigadasi haydovchisini kaltaklab, unga jarohat yetkazgan.
Oqibatda jiddiy tan jarohati olgan tez tibbiy yordam mashinasi haydovchisi Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markaziga boshqa brigada tomonidan olib borilgan.
Tekshiruvlar natijasida u “Bosh miya yopiq shikastlanishi, bosh miya chayqalishi, chap tizza sohasi yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi” tashxisi bilan neyroxirurgiya bo‘limiga yotqizilgan.
Shuningdek, ko‘chma brigada shifokori M.Z. shifoxonada ambulator tartibda mutaxassislar ko‘rigidan o‘tkazilib, unga “Qorin sohasi yumshoq to‘qimalari lat yeyishi” tashxisi qo‘yilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi mazkur holatni o‘z nazoratiga olgan. Shuningdek, vazirlik ushbu vaziyatga qonun doirasida huquqiy baho berilishi uchun barcha zarur choralarni ko‘rmoqda.
Bu holatga Toshkent shahar IIBB quyidagicha munosabat bildirdi:
Ma'lum qilinishicha, 22 yoshli Arsen M. mast holatda yotganligini ko‘rgan fuqarolar 103 raqami orqali tez tibbiy yordam xizmatini chaqirishgan. Chaqiriq joyiga yetib kelgan shifokorlar unga muolaja qilayotgan vaqtida, u jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimasdan jamoat tartibiin buzgan.
Arsen M. 01 964 QJA davlat raqamli tez tibbiy yordam avtoulovining o‘rta eshigini yulib olib, 64 yoshli haydovchiga tan jarohati yetkazgan.
Mazkur holat yuzasidan mushtumzo'rga nisbatan Mirobod tumani IIO FMB Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (“Bezorilik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov davom etmoqda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 11914 | Инструменты