Toshkent viloyatidagi qadimgi Qanqa shahri hududida olib borilgan arxeologik qazishmalar davomida 10–11-asrlarga oid noyob devoriy suratlar topildi. Bu topilma Toshkent vohasida o‘rta asrlarda devoriy suratchilik san’ati mavjud bo‘lganini tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti arxeologlari tomonidan Toshkent viloyati hokimligi homiyligida olib borilayotgan arxeologik qazishmalarda qadimgi Qanqa shahri hududida X-XI asrlarga oid devoriy suratlar aniqlandi.
Topilmalar qadimiy shaharning shahriston qismida joylashgan katta karvonsaroy hududidan topilgan. Janubiy darvozadan taxminan 60 metr masofada joylashgan ushbu karvonsaroyning o‘lchami 100×70 metr bo‘lib, me’moriy jihatdan yirik va mahobatli inshoot hisoblanadi.
Karvonsaroy xonalaridan birida olib borilgan qazishmalar davomida devorlardan qulab tushgan surat bo‘laklari topilgan. Ularning o‘lchami 15×20 dan 30×35 santimetrgacha bo‘lib, binoning devorlari bezakli suratlar bilan qoplanganini ko‘rsatmoqda. Bu holat arablar bosqinidan keyin yo‘qolgan devoriy bezak san’ati Toshkent hududida X-XI asrlarda qayta tiklanganini isbotlaydi.
Arxeologik tahlillarga ko‘ra, bunday suratlar ilgari Samarqand va Axsikent yodgorliklarida ham uchragan. Madaniy meros agentligi Samarqand arxeologiya instituti restavratorlari hozirda suratlarni o‘rganish va saqlash ishlari bilan shug‘ullanmoqda.
Mutaxassislarning fikricha, Qanqadagi ushbu topilma nafaqat san’at tarixini, balki Toshkent vohasining o‘rta asrlardagi madaniy hayotini yangi qirradan yoritishga xizmat qiladi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 111121 | Инструменты