Qanday dori va oziq-ovqatlar anafilaktik shokni keltirib chiqarishi mumkin?
Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori Ilmira Roziqova bu haqda ma’lumot berdi:
— Tadqiqotlarga ko‘ra, anafilaktik reaksiyalar 46,5 foiz holatda dori-darmonlarni qabul qilish oqibatida yuzaga keladi. Bunga sulfanilamidlar, antibiotiklar, talvasa (sudorogi) va yallig‘lanishga qarshi preparatlar, silga qarshi dorilar, zardoblar hamda tarkibida yod saqlovchi kontrast moddalar sabab bo‘lishi mumkin.
Ba’zi hollarda yallig‘lanishga qarshi nosteroid dorilar, aspirin va uning analoglari, qolaversa, turli vitaminlar ham xastalikni qo‘zg‘atish xususiyatiga ega.
Anafilaktik shokning ikkinchi eng keng tarqalgan sababi (31 foiz holatda) oziq-ovqat allergiyasidir. U yeguliklar tarkibidagi oqsillar, ba’zan oqsilsimon moddalar ta’sirida vujudga keladi. Uni ma’lum bir taom yoki noz-ne’mat iste’molidan so‘ng darhol paydo bo‘ladigan immunitet tizimi reaksiyasi sifatida baholash mumkin.
Bolalarda kasallik ko‘pincha onaning homiladorlik yoki emizikli davrida noto‘g‘ri ovqatlanishi sababli rivojlanadi.
Qolaversa, kichkintoylar sevib iste’mol qiladigan sigir suti — kuchli allergiya qo‘zg‘atuvchi mahsulot. Tovuq tuxumi ham keng tarqalgan allergenlar jumlasidan. U ovalbumin, ovomuyeoid, ovotransferrin va ovomutsin oqsillar guruhlarini o‘z ichiga oladi.
Baliq — kuchli antigen. Uning go‘shtida parvaalbumin va tropomiozin oqsil guruhlari mavjud. Bug‘doy va soya ham ba’zida allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi.
Go‘sht mahsulotlari orasida esa parranda va ot go‘shti boshqalariga nisbatan ko‘proq antigen xususiyatga ega. Sitrus mevalar, qulupnay va yertut ham ko‘proq allergiya qo‘zg‘aydi.
Kattalarda bunday patologiya rivojlanishiga sabab bo‘luvchi oziq-ovqat mahsulotlaridan birinchisi yeryong‘oqdir. U ko‘p hollarda anafilaktik reaksiyani keltirib chiqaradi. Shuningdek, boshqa turdagi yong‘oqlar, kunjut, asal, shaftoli, uzum, malina, sabzi, shokolad, kofe va kakao allergiya chiqaruvchilar ro‘yxatidan joy olgan.
Anafilaktik shok 20 foiz holatda hasharotlar chaqishi tufayli ham paydo bo‘lishi aniqlangan.
Bu xastalikka aniq tashxis qo‘yish uchun kengaytirilgan allergoanamnez va allergologik sinamalar, qon hamda allergenlar tahlili, teri biopsiyasi va gistologik ko‘riklar talab etiladi.
Xastalik aniqlangan bemorlarni zudlik bilan intensiv terapiya bo‘limiga yotqizish zarur.
Ammo ko‘pchilik bemorlar anafilaktik shok holati bartaraf etilib, salomatligi o‘nglanishi bilan muolajalarni to‘xtatib qo‘yadilar. Bu juda katta xato.
Vaholanki, kuchli allergik reaksiyani keltirib chiqaruvchi omillar aniqlanib, unga qarshi zarur tibbiy choralar ko‘rilmagunicha anafilaktik shokning takrorlanish xavfi saqlanib qolaveradi
Alpha version: 0.9.1.19 build 100600 | Инструменты