Huawei 1
“Qani SES, qani Soliq?” — Toshkent shahar hokimi oziq–ovqat doʻkonida reyd oʻtkazdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqovning do‘konlardan birida o‘tkazgan “reyd”i aks etgan video tarqaldi. Videoda hokim yashikdagi mevalar ayniganini aytib, tadbirkor va atrofidagi ishchi guruh vakillariga tanbeh bergan. Bu holat jamoatchilik muhokamalariga sabab bo‘ldi. Toshkent shahar hokimligi xabariga ko‘ra, joriy yilning 3-iyul kuni Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi ishchi guruh Yunusobod tumani “Sobirobod” mahallasidagi muammolarni o‘rgangan

Tashrif davomida yechimni talab qiladigan bir nechta jiddiy kamchiliklarga e’tibor qaratilgan. Infratuzilmani rivojlantirishga va aholining xavfsiz harakatlanishiga to‘sqinlik qilayotgan noqonuniy qurilmalar aniqlandi. Ularning mavjudligi zudlik bilan aralashuvni va qonunchilikka muvofiqlashtirishni talab qiladi.

Bundan tashqari, hokimlik mahalla ko‘chalari chiqindi bilan ifloslanib, sanitariyaga zid sharoitlarni yuzaga keltirayotgani xabar qilindi.

“Axlatni belgilanmagan joylarga tashlagan aholining o‘zi ham mas’ul ekani ta’kidlandi. Bundan tashqari, chiqindilarni yig‘ish joylari yetishmaydi, bu esa muammoni yanada chuqurlashtiradi. Qurilish chiqindilari o‘z vaqtida olib ketilmayotgani hududning tashqi ko‘rinishini yomonlashtirib, harakatlanishga to‘sqinlik qilmoqda”, — deyiladi xabarda.

Hokimlik xabariga ko‘ra, savdo obyektlari sanitariya-epidemiologiya va yong‘in me’yorlariga javob bermaydi. Bu esa aholi salomatligi va xavfsizligiga tahdid solmoqda. Bundan tashqari, do‘konlarda aynigan sabzavot va mevalar sotilmoqda, bu ham qat’iy nazoratni talab qiladi.

Bir kun avval internetda hokim do‘konlardan biriga tashrif buyurgani aks etgan video paydo bo‘ldi. Unda Shavkat Umurzoqov Yunusobod tumani hokimi Bahodir Abduvaliyevga murojaat qilib, sifati buzilgan o‘rikni ko‘rsatgan.

“Bular nima sotyapti aholiga? Mana, ko‘ring. Qani SES, Soliq bu yerda? Bular aholiga nima sotyapti? Buyoqqa kel. Qayerga qarayapsan? Nima, ertaga odamlar „otravleniye“ bo‘lsinmi? Ko‘r, mog‘orlab yotibdi. Mana, olmalari ham tagida suvlarigacha chiqib ketgan. Bahodir aka, nima bo‘lib yotibdi bu?” — deydi shahar hokimi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 100620 | Инструменты