Huawei 1
Qashqadaryoda bir yilda 1,5 ming gektardan ortiq yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va noqonuniy imoratlar qurilgan

1,5 ming gektardan ortiq yer o‘zboshimchalik bilan egallab olingan va noqonuniy imoratlar qurilgan. Bu haqda Kadastr agentligining Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan matbuot anjumanida taʼkidlab o‘tildi.

Kadastr agentligining viloyat boshqarmasi va uning tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan 2024 yilda viloyatda o‘tkazilgan monitoringlar davomida 4 ming 803 ta holatda 1564,8 gektar yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish va ushbu yer uchastkalarida noqonuniy imorat qurilishiga oid qonunbuzarlik holatlari aniqlangan.  

Mazkur qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida yer maydonlarini o‘zboshimchalik bilan egallagan shaxslarga 4 ming 803 ta yozma ko‘rsatmalar yuborilgan. O‘tkazilgan profilaktik tadbirlar natijasida yer qonunbuzilish holatlarining 1 ming 772 tasi 930,8 gektari shu joyning o‘zida bartaraf etilgan.  

Shuningdek, 658,8 gektar yer maydonidagi noqonuniy qurilishlarni bartaraf etish va yerni avvalgi holatiga qaytarish yuzasidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga 2 ming 935 ta daʼvo arizalari kiritilishi taʼminlangan.  

Ko‘chmas mulklarga kadastr pasportlarini shakllantirish yuzasidan 2024 yil davomida Davlat kadastrlari palatasi Qashqadaryo viloyati boshqarmasining tuman, shahar filiallariga Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (my.gov.uz sayti) orqali kadastr hujjatini tayyorlash bo‘yicha 99 ming 276 ta murojaat kelib tushgan.  

Mazkur murojaatlar asosida 64 ming 947 nafar jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan yer uchastkalari hamda ko‘chmas mulklariga kadastr pasportlari tayyorlanib, davlat xizmatlari markazlari orqali mulkdorlarga taqdim etildi.  

Qonun ijrosi yuzasidan xatlov jarayonlariga 200 nafarga yaqin kadastr xodimlari safarbar qilingan bo‘lib, bugungi kunga qadar 10 ming 922 ta ko‘chmas mulk obyekti xatlovdan o‘tkazilgan.  

Shundan qonun doirasida hal etilishi mumkin bo‘lgan 2 mingdan ziyod ko‘chmas mulk obyektlarining elektron yig‘ma jildini ko‘rib chiqish uchun “ETIROF” AAT orqali tegishli vazirlik va idoralarga yuborilishi taʼminlangan.  

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13101 | Инструменты