Qashqadaryoda maktab o‘quvchisi o‘qituvchi kaltaklagani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarga sizdirildi. Ushbu holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi Matbuot xizmati munosabat bildirdi.
Aniqlanishicha, holat joriy yilning 9 oktyabr kuni Shahrisabz tuman 33-umumiy o‘rta taʼlim maktabida soat 10:30 atrofida sodir bo‘lgan. Maʼlum bo‘lishicha, maktabning ingliz tili fani o‘qituvchisi U.S. (ayol kishi) 5-“b” sinf o‘quvchisi M.P.ga maktabdagi "boshqa o‘quvchilarga hurmatsizlik qilma" deb taʼkidlaganidan so‘ng, o‘quvchi M.P. o‘qituvchini haqoratlashga uringan.
Shundan so‘ng, maktab o‘qituvchisi U.S. o‘quvchi M.P.ni maʼnaviyat xonasiga olib borishga uringanda qo‘li bexosdan o‘quvchi burniga tegib ketganligi oqibatida burun sohasidan qon kelishi holati yuzaga kelgan.
O‘quvchi M.P. onasini mazkur taʼlim tashkilotiga olib kelgan va o‘qituvchi hamda M.P.ning onasi o‘rtasida janjal sodir etilgan, — deya izoh bergan maktab maʼmuriyati.
"Holat yuzasidan tezkorlik bilan Shahrisabz tumanidagi 33-sonli umumiy o‘rta taʼlim maktabi direktori tomonidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilingan. Hozirda o‘qituvchi U.S. murojaati Shahrisabz tuman IIB masʼullari ishtirokida atroflicha o‘rganilmoqda", - deyiladi munosabatda.
Ushbu holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati IIB Matbuot xizmati ham izoh berdi.
"Mazkur holat yuzasidan Shahrisabz tuman IIB tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Holat yuzasidan qo‘shimcha axborot beriladi", - deyiladi xabarda.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122116 | Инструменты