Qashqadaryoda xalqaro tibbiyot universiteti ochilishi mumkin

Vazirlar Mahkamasining "Qarshi xalqaro tibbiyot universitetini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori loyihasi normativ-huquqiy hujjatlar muhokamasi portalida e’lon qilindi.

Hujjat loyihasiga ko‘ra, O‘zbekiston, Hindiston va Turkiya hamkorligida Qarshi shahrida nodavlat ta’lim xizmatlarini ko‘rsatuvchi Qarshi xalqaro tibbiyot universitetini tashkil etiladi.

Quyidagilar universitet faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi:

— o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va innovasion o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etish, o‘quv bazasi va klinika faoliyatida nazariy bilim hamda amaliyot uyg‘unligini ta’minlash uchun zarur sharoitlar yaratish;

— universitet professor-o‘qituvchilari xorijda stajirovka o‘tashini va malaka oshirishini tashkil etish;

— xorijiy tibbiyot oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik doirasida talabalar, professor-o‘qituvchilar va ilmiy izlanuvchilar akademik mobilligi dasturlari hamda qo‘shma ta’lim dasturlarini rivojlantirish;

— ta’lim jarayonida nazariy va amaliy ko‘nikmalar uzviyligini ta’minlash hamda axborot-kommunikasiya texnologiyalari, masofadan o‘qitish va telemedisina uslublarini keng tatbiq etish;

— moddiy-texnik bazani mustahkamlash, o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash;

— Qashqadaryo viloyati hamda qo‘shni hududlar sog‘liqni saqlash tizimi ehtiyojlarini va muammolarini muntazam o‘rganib borish, ularni vakolati doirasida bartaraf etish maqsadida sog‘liqni saqlash tizimi hamda nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasida uzviy hamkorlikdagi faoliyatni yo‘lga qo‘yish.

Universitetda ta’lim faoliyati 2022/2023-o‘quv yilidan boshlanadi. 2022/2023-o‘quv yili uchun universitetga bakalavriat dasturi bo‘yicha "Davolash ishi", "Pediatriya ishi", "Stomatologiya", "Farmasiya ishi" ta’lim yo‘nalishlariga to‘lov-shartnoma asosida 400 kishi qabul qilinadi. Bakalavriatni tamomlagan talabalar Qashqadaryo viloyatidagi tibbiyot kadrlari tanqis bo‘lgan tibbiyot muassasalarida besh yil ishlab berishi majburiy hisoblanadi.

Universitet o‘z imkoniyatlaridan kelib chiqib, belgilanadigan tartibda o‘tkaziladigan suhbat natijasiga ko‘ra, mahalliy va xorijiy fuqarolarni to‘lov-shartnoma shartlari asosida o‘qishga qabul qilishi mumkin. Universitet bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan universitet diplomi beriladi.

Izohlar: 14
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 122319 | Инструменты