Qashqadaryodan Toshkentga yarim tonna, Samarqanddan esa 165 kg iste’molga yaroqsiz go‘shtlarni olib kirayotganlar ushlandi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Ko‘kdala tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda “Umakay” YPX maskanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda “Qarshi-Samarqand-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanayotgan fuqaro F.E. boshqaruvidagi “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi to‘xtatilib ko‘zdan kechirilganda, fuqaro B.X. jami 500 kg iste’molga yaroqsiz qoramol go‘shtini Toshkent shahrida o‘tkazish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Xuddi shunday, Departamentning Oqoltin tuman bo‘limi tomonidan IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda “Samarqand-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanib kelayotgan fuqaro E.M. boshqaruvidagi “Isuzi” rusumli yuk avtomashinasida fuqaro N.R. jami 165 kg iste’molga yaroqsiz qoramol go‘shtini Toshkent shahrida o‘tkazish maqsadida olib ketayotganligi aniqlanib, ushbu mahsulotlar ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 186-moddasi (xavfsizlik talablariga javob bermaydigan tovarlarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab ishlab chiqarish, saqlash, tashish yoxud o‘tkazish, ishlar bajarish yoki xizmatlar ko‘rsatish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 72710 | Инструменты