Huawei 1
Deputatlar qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bo‘yicha qonunni qabul qildi

Qonunchilik palatasi deputatlari 4-mart kuni o‘tkazilgan majlisda “Qishloq xo‘jaligi tavakkalchiliklarini sug‘urta qilish to‘g‘risida”gi qonunni ikkinchi va uchinchi o‘qishda qabul qilib, senatga yubordi.

Qonun bilan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarni sug‘urta qoidalariga asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishdagi tabiiy ofatlar, yong‘in, o‘simliklarning kasalliklari va zararkunandalardan talofat ko‘rishi, chorva hayvonlarining yuqumli kasalliklardan nobud bo‘lishi va zaharlanishi hamda yovvoyi hayvonlar tomonidan ekinlarning payhon qilinishi yoki qishloq xo‘jaligi hayvonlariga zarar yetkazilishi bo‘yicha sug‘urta shartnomalarini tuzish ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, hujjatda qishloq xo‘jaligi sug‘urtasining davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning huquqiy asoslarini belgilash, qishloq xo‘jaligi sohasida tavakkalchiliklarini sug‘urtalash jarayonida ishtirok etuvchi subektlarning huquq va majburiyatlari aks ettirish nazarda tutilgan.

Deputatlar qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida normalarni to‘g‘ri bayon etish, qishloq xo‘jaligi maxsulotini yetishtirishda sug‘urta imtiyozlarini joriy etish, qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi sohasida xalqaro aloqalarni yo‘lga qo‘yish, mazkur sohada muvofiqlashtiruvchi davlat organining vazifalarini aniq ko‘rsatish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Bundan tashqari, sug‘urta tizimini to‘liq raqamlashtirish maqsadida qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi axborot tizimini joriy etish va unda mahsulot yetishtiruvchi va qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi faoliyatiga oid barcha ma’lumotlar jamlash va axborotlar almashinish imkonini yaratish, sohadagi sug‘urta xodisalarini o‘rganishda mustaqil ekspertlarni jalb etish va ularning mustaqilligini ta’minlash normalari ham deputatlar diqqat markazida bo‘ldi.

Loyihada qishloq xo‘jaligi sug‘urtasi jamg‘armasini tashkil etish, jamg‘armaning daromadlari va xarajatlari, sug‘urtalanishi lozim bo‘lgan tavakkalchiliklar, sug‘urta mukofotlari bo‘yicha subsidiyalar berishning huquqiy asoslari ham belgilanmoqda.

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi bilan mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirishda sug‘urtalash tizimi joriy etiladi va mahsulot yetishtiruvchilarga qulay shart-sharoitlarni yaratishga qishloq xo‘jaligi ekinlariga xavf-xatarlar tufayli zarar yetgan hollarda zararning o‘rnini qoplashning huquqiy asosi yaratiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 30418 | Инструменты