Qo‘qon shahar hokimining 2019-yil 20-iyundagi “Shahrimizdagi ayrim umumta’lim o‘rta maktablarining foydalanilmayotgan binolari hamda samarasiz holatdagi yer maydonlarini shahar hokimligi balansiga qabul qilish to‘g‘risida”gi qarori bilan shahardagi ayrim maktablarning bino va yer maydonlari shahar hokimligi balansiga qabul qilingan.
O‘tgan 2022-yilda Farg‘ona viloyati hokimligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida ushbu qaror bilan amalga oshirilgan amaliyot, mavjud qonunchilikka zid ekani aniqlangan hamda 2022-yil 15-noyabrda Qo‘qon shahar hokimining qarorini bekor qilish bo‘yicha viloyat hokimining tegishli qarori qabul qilingan. Ushbu qaror bilan shahar hokimligi balansiga olingan bino-inshootlar va yer maydonlarini belgilangan tartibda ta’lim muassasalari balansiga qaytarish belgilangan.
So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda Qo‘qon shahrida viloyat hokimining yuqoridagi qarori ijrosi ta’minlanmagani yuzasidan xabarlar e’lon qilindi. Mutasaddi tashkilotlar vakillaridan iborat viloyat ishchi guruhi Qo‘qon shahrida o‘rganish o‘tkazib, bekor qilingan qarorga kiritilgan barcha maktablarda viloyat hokimi qarori ijrosi ta’minlanganligi holatini tekshirib chiqdi. O‘rganish natijasida qolgan maktablarda bino-inshootlar va yer maydonlari maktab balansiga qaytarilgani, lekin 27-maktabning bino-inshootlari Qo‘qon shahar hokimligi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida MCHJ shaklidagi tadbirkorlik subyektiga berib yuborilgani hamda belgilangan tartibda ta’lim muassasasi balansiga qaytarish bo‘yicha viloyat hokimining qarori ijrosi ta’minlanmaganligi aniqlandi.
Viloyat ishchi guruhi tomonidan maktab bino-inshootlari tegishli dalolatnoma bilan ta’lim muassasasi balansiga qaytarilishi ta’minlandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 21308 | Инструменты