Raqobat qo‘mitasiga nodavlat taʼlim muassasalari isteʼmolchilaridan ko‘plab shikoyatlar kelib tushmoqda.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida nodavlat taʼlim xizmatlari bo‘yicha 500 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, ularning aksariyati Toshkent shahridagi subyektlar xissasiga to‘g‘ri keladi.
Bunda, eng ko‘p murojaatlar “NEWTON ACADEMY KZ”, “MERIT SCHOOL”, “MyTeacher” (“MYTEACHER GROUP”) platformasi, “MY MED ACADEMY” va boshqa tashkilotlar faoliyatiga tegishlidir.
Shikoyatlarda taʼlim sifatining qoniqarsizligi, o‘qituvchilar malakasizligi, o‘quv xonalarining shart-sharoitlari javob bermasligi, o‘quv grafigiga rioya qilinmasligi, xizmat ko‘rsatish bo‘yicha shartnoma tuzilmaganligi taʼlim berishda intizom yo‘qligi hamda yuzaga kelgan boshqa muammolar bayon etilmoqda.
Bazi taʼlim muassasalari tomonidan isteʼmolchilarni turli yo‘llar bilan jalb qilish niyatida reklamalarda “Joylar soni cheklangan”, “3 oyda til o‘rganing”, “Kafolatlangan taʼlim” kabi bo‘rttirilgan iboralardan foydalanilmoqda.
“Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga muvofiq, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi belgilangan.
Shuningdek, isteʼmolchi sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ijrochi) bilan shartnomaviy munosabatlarda qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega hisoblanadi.
“Reklama to‘g‘risida”gi Qonunga muvofiq, noaniq, foydalanuvchilarni chalg‘itadigan yoki chalg‘itishi mumkin bo‘lgan, yuridik va jismoniy shaxslarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan reklamaga yo‘l qo‘yilmaydi.
Qo‘mita tomonidan murojaatlarni o‘rganib chiqish natijasida isteʼmolchilar foydasiga jami 1,2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ qayta hisob-kitob qilinishi taʼminlangan.
Shuningdek, litsenziya talablari va soliq qonunchiligini buzgan, sanitariya qoidalariga mos o‘quv sharoitlarini yaratmagan holatlar bo‘yicha 50 ga yaqin hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun vakolatli organlarga yuborilgan.
Jumladan, “NEWTON ACADEMY KZ” o‘quv markazi faoliyati yuzasidan ko‘plab shikoyatlar tushayotganligi holati bo‘yicha to‘plangan hujjatlar tegishli chora ko‘rish uchun Bosh prokuratura hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligiga yuborilgan.
Natijada, vazirlik tomonidan o‘quv markazi faoliyati tekshirilganda, litsenziyasiz nodavlat maktabdan tashqari taʼlim xizmatlari faoliyati bilan shug‘ullanganligi va o‘qituvchilarning belgilangan sertifikati mavjud emasligi aniqlanib moliyaviy jarima qo‘llanilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, Raqobat qo‘mitasi nodavlat taʼlim xizmatlarini ko‘rsatuvchi subyektlarni amaldagi qonunchilik hujjatlari, litsenziya talablariga qatʼiy rioya etgan holda faoliyat olib borishi yuzasidan qatʼiy ogohlantiradi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 121818 | Инструменты