Huawei 1
Qoraqalpog‘istondagi ko‘hna maqbara AQSH ko‘magida qayta tiklandi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xo‘jayli shahri yaqinidagi Xalifa Rajab (Erejep) maqbarasi Qo‘shma Shtatlar ko‘magida qayta tiklandi.

Tarixiy yodgorlikning qayta ochilishida AQSH elchisi Jonatan Henik qatnashdi.

"Bu – Qoraqalpog‘istonning boy tarixi, madaniyati va qadimiy ruhini yaqqol namoyon etuvchi qimmatli obidadir. Biz Elchi jamg‘armasi orqali O‘zbekistonning boy tarixini kelajak avlodlar uchun asrab-avaylash borasidagi saʼy-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashdan mamnunmiz. Bu ish ikki mamalakatning madaniy merosni asrab-avaylashga bo‘lgan sadoqatini yana-da mustahkamlaydi", – dedi Jonatan Henik.

XII asrga oid Xalifa Rajab ziyoratgohini Markaziy Osiyoni tadqiq etish xalqaro instituti AQSH elchisining madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi grantidan foydalanib qayta tikladi. Ko‘hna maqbarani saqlab qolish uchun qariyb 80 ming dollar ajratildi.

Tarixiy obida holatini to‘liq o‘rganish uchun geofizika, geodeziya, arxeologik tadqiqotlar, tarkibiy nazorat, 3D skanerlash, fotogrammetriya, radiouglerodlarni aniqlash kabi ilg‘or usullardan foydalanildi.

Loyiha doirasida tashrif buyuruvchilar uchun maqbara haqida batafsil maʼlumot beruvchi interaktiv maʼlumot taxtalari o‘rnatildi. Mobil qurilmalar orqali foydalanish imkonini beruvchi audioqo‘llanma ishlab chiqildi, maxsus veb-sayt ishga tushirildi.

2001 yilda taʼsis etilgan Elchining madaniy merosni asrab-avaylash jamg‘armasi rivojlanayotgan mamlakatlarga tarixiy obidalar, madaniy obyektlar hamda anʼanaviy madaniy ifoda shakllarini saqlab qolish uchun grant ajratadi. Mazkur jamg‘arma 2001 yildan buyon O‘zbekistonda tarixiy binolar restavratsiyasi, nodir qo‘lyozmalar va muzey kolleksiyalarini baholash va saqlash, arxeologik yodgorliklarni muhofaza qilish, anʼanaviy yodgorliklarni hujjatlashtirish bo‘yicha 15 ta loyihani qo‘llab-quvvatladi, buning uchun 1,3 million dollar ajratdi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101818 | Инструменты