Huawei 1
Mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati takomillashtiriladi

Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritildi.

Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga hokimlarning hamda xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlarini aniqlashtirishga qaratilgan o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, “Mahalliy davlat hokimiyati to'g'risida”gi Qonunidan viloyat, tuman, shahar hokimi bir vaqtning o'zida tegishli hududdagi vakillik hokimiyatiga boshchilik qilishi haqidagi norma chiqarib tashlanmoqda.

Hokimlarga tegishli xalq deputatlari Kengashlari sessiyasiga masalalar kiritish, zarurat bo'lganda Kengash sessiyasi chaqirilishini talab qilish va tegishli xalq deputatlari Kengashining qonunchilikka zid bo'lgan qarorlarini bekor qilish uchun Senatga yoki sudga murojaat qilish kabi qator yangi vakolatlar berilmoqda.

Shuningdek, xalq deputatlari Kengashlariga deputatlar orasidan saylanadigan rais boshchilik qilishi, u o'z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi belgilanmoqda, uni vakolatlari muddati tugaguniga qadar lavozimidan ozod qilish tartibi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, xalq deputatlari Kengashlari va hokimlar tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarni Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro'yxatdan o'tkazishning yagona elektron tizimida ro'yxatdan o'tkazish to'g'risidagi talab mustahkamlanmoqda.

Bunda ushbu tizimda ro'yxatdan o'tkazilmagan hujjatlar haqiqiy emas deb hisoblanadi hamda huquqiy oqibatlarga olib kelmaydi.

“Normativ-huquqiy hujjatlar to'g'risida”gi Qonunga Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini ishlab chiqish, kelishish va ro'yxatdan o'tkazishning yagona elektron tizimiga mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari e'lon qilinadigan rasmiy manba maqomi berilishini nazarda tutuvchi o'zgartirish kiritilmoqda.

Qonun loyihasi Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilib, Oliy Majlisga bir guruh deputatlar tashabbusi bilan kiritilgan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 101820 | Инструменты