Qurilish materiallari sanoatida bazalt asosli innovatsion mahsulotlar ko‘lami ortmoqda

O‘zsanoatqurilishbank moliyaviy ko‘magida Urganch shahrida barpo etilgan bazalt xom ashyosidan issiqlik izolyatsiya plitalari ishlab chiqaruvchi “Khorezm Insulation Group” qo‘shma korxonasiga press-tur uyushtirildi.

Qurilish materiallari sanoatida bazalt asosli mahsulotlarning qiymati baland. Shu bois mamlakatimizda xom ashyo zaxira konlarini o‘zlashtirish va bazalt xom ashyosidan yuqori qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish ishlari jadal olib borilmoqda.

“Khorezm Insulation Group” qo‘shma korxonasining umumiy qiymati 41 million yevroga teng loyihasini tadbiq etishda Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qoratau tog‘ida aniqlangan yangi zaxiralar sabab bo‘ldi.

Zavodni barpo etish ishlari 2021-yilda boshlandi. Germaniya, Turkiya, Rossiya va Xitoy davlatlaridan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi. Mahalliy aholining 200 nafari ishga jalb qilindi. Xodimlar uchun chet ellik mutaxassislar ishtirokida o‘quv seminarlar tashkil etildi.

Shu yilning fevral oyida davlatimiz rahbari Xorazm viloyatiga tashrifida ushbu korxona faoliyati bilan tanishib, mahsulotlar sifatini yanada yaxshilash va mahalliylashtirish darajasini oshirish borasida ko‘rsatmalar berdi.

Bugungi kunda korxonaning yillik quvvati 30 ming tonna, mahsulotlar mahalliy va xorijiy bozorga “Thermo Plus” savdo belgisi ostida yetkazib berilmoqda.

Press-turda jurnalist va blogerlarga bazalt izolyatsiya plitalarining afzallik tomoni haqida tushuncha berildi.

Bunday mahsulotlar yuqori darajada issiqlik saqlashi hamda o‘z tarkibi va xususiyatini uzoq yillar davomida yo‘qotmasligi bilan elektr energiyasini tejashda muhim rol o‘ynashi ta’kidlandi.

Xususan, bazalt izolyatsion plitalardan binolar tom qismi uchun foydalanganda yozning jazirama kunlari issiqlik o‘tkazishni 45 foizgacha qisqartiradi, qishda esa, ichki xonalardagi issiq haroratni 50 foizgacha saqlab qoladi. Shuningdek, ular zahlanish va shovqin-surondan himoya vositasi sanaladi.

Korxona tomonidan fasad setkalar va dyubel mixlari ham ishlab chiqarilmoqda. Respublika bo‘ylab 50ga yaqin savdo nuqtalari tashkil qilinmoqda. Bunda aholiga mahsulotlarni keng qamrovda va to‘liq to‘plamda yetkazib berish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, korxona tomonidan yiliga 15 ming tonna geotekstil mahsuloti ishlab chiqarish bo‘yicha ham jadal ishlar olib borilmoqda. Natijada 80 ta yangi ish o‘rni yaratilishi, qo‘shimcha 10 million dollarlik eksport salohiyati yaratilishi mo‘ljallangan.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 70418 | Инструменты