"Ramazon oyining barakasidan har bir xonadon bahramand bo'lsin" - O'zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari xalqimizni Ramazon oyi bilan tabrikladi
O'zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin domla hazratlari xalqimizni Ramazon oyi bilan tabrikladi. Ushbu ulug' oy bayram tabrigini xalqimizga yetkazdilar.
"Muhtaram yurtdoshlar, qadrli mo'min-musulmonlar. Ramazon sharifni qut-baraka qilgan Alloh taologa hamd-u sanolar bo'lsin. Ushbu oyni yaxshiliklar mavsumi deya uni g'animat bilishga undagan Rasulimizga salovat-u salomlarimiz bo'lsin.
Azizalar, barcha mo'min-musulmonlarni, jonajon xalqimizni O'zbekiston Musulmonlari idorasi ulamolar kengashi va o'z nomimdan muborak Ramazon oyi bilan chin qalbdan tabriklayman. Alloh taolo ushbu oyda qiladigan toat ibodatlarimizni, duo-yu iltijolarimizni mustajab aylasin.
Ertadan butun musulmon dunyosida muborak Ramazon oyi boshlanadi. Har yili yurtdoshlarimiz ushbu oyni ko'tarinki kayfiyatda katta tayyorgarlik bilan kutib oladi.
Mohi rahmonda ado etiladigan solih amallar evaziga mo'min-musulmonlar ajr savobga erishadilar. Alloh taolo farz qilgan ro'za tutiladi. Masjudlarda Taroveh namozlari o'qiladi. Hayriya ishlari amalga oshiriladi. Quvonarlisi, bu yil yurtimizda 1500 dan ziyod masjidlarimizda Taroveh namozlarimizda hatmi Qur'on o'qiladi.
Alloh nasib etsa Ramazon oyining 27-kechasi, ya'ni Qadr kechasida hatmi Qur'onlar yakunlanib, bir vaqtning o'zida bir necha million xalqimiz haq Taologa duo qiladi. Mana shunday jamul-jam ibodatlardan keyin yurtimiz yanada ravnaq topadi, hayotimiz farovon bo'ladi.
Har bir mo'min banda bu oyga yetganda yaxshi ishlar qilishga intiladi. Chunki bu oyda qilgan savobning ko'lami, boshqa oylarnikidan ulug'dir. Ramazonda qilingan ishlarni ajri ortadi. Bu oyda qilingan hayr ishlarni darajasi 70 ga ko'tariladi. Ramazon oyi Qur'on nozil qilingan oydir. Bu oyda mo'minning rizqi ko'paytirib beriladi. Har bir banda bu oyda odamlar bilan yaxshi munosabatda bo'lishga intilishadi.
Ramazon oyining barakasidan har bir xonadon bahramand bo'lsin", - deya ta'kidladi domla.
"Mahallangizdagi do'konga ko'pincha kambag'allar, beva-bechoralar biron-bir mahsulotni sotib olib, unga to'lov qilolmaganidan daftarga yozdirib qo'yishadi. Boy-badavlat kishilarimizdan iltimos qilgan bo'lardikki, siz hech kimga bildirmasdan, Alloh uchun o'sha daftardagi qarzlarni uzib qo'ysangiz, eng katta savob amalni bajargan bo'lardingiz", - deya alohida ta'kidlab o'tdi Muftiy hazratlari.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin O’zbekistonda Ramazon oyi 23-apreldan boshlanishi haqida xabar bergan edik. Shuningdek, bugundan O‘zbekistondagi barcha masjidlarda Taroveh namozini o‘qish boshlanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 30504 | Инструменты