Raqobat qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida “Invest Finans bank” AJning kredit xizmati reklama axborotida isteʼmolchilarni chalg‘ituvchi maʼlumot berilganligi aniqlangan.
Jumladan, “Invest Finans bank” AJ tomonidan Toshkent shahrining bir qator ko‘chalarida joylashgan LED monitorli reklama obyektlarida eʼlon qilingan «50 000 000 tanishlarsiz, 50 kun foizlarsiz, 5 yilga, taʼtil uchun, taʼmirlash uchun, texnika uchun» mazmunidagi reklama axboroti berilganligi kuzatildi.
Mazkur reklama bo‘yicha bankning rasmiy veb-sayti o‘rganilganda, faqatgina “INFIN BLACK” kredit kartasi uchun 50 million so‘mgacha, 60 oyga, yillik 23,99 foizdan kredit ajratilishi, kartadan naqd pul yechish 2 foiz, kartadan kartaga pul o‘tkazish 1 foiz, alohida belgilanadigan foiz stavkasi yillik 25,55 foizdan 54,75 foizgacha ko‘rsatilgan.
Kredit bo‘yicha qo‘shimcha shartlar va muxim maʼlumotlar tashqi reklamada ko‘rsatilmagan.
Yuqoridagilarga ko‘ra, Qo‘mita Maxsus komissiyasi tomonidan “Reklama to‘g‘risida”gi hamda “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunlar talablari buzilish alomatlari yuzasidan “Invest Finans bank” AJga nisbatan belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilib, natijasi yuzasidan moliyaviy jarima qo‘llash haqida qaror qabul qilindi.
Shuningdek, qonunbuzilish holatini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha ko‘rsatma berildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 110515 | Инструменты