Huawei 1
Yahyo Sinvar o‘limidan avvalgi 72 soatda ovqat iste’mol qilmagan — sud-tibbiy ekspertiza

HAMAS yetakchisi Yahyo Sinvar 17-oktyabr kuni o‘ldirilishidan oldin uch kun davomida hech narsa iste‘mol qilmagani aniqlandi. Isroillik sud-tibbiy ekspertlari tegishli hisobotini e’lon qildi. Bu haqda TRT xabar berdi.

Isroil Milliy sud ekspertizasi instituti direktori Xen Kugelga ko‘ra, Sinvarning shaxsini tasdiqlash maqsadida barmoq amputatsiyasi orqali DNK namunasi olingan. Bu Sinvarning 22 yil davomida Isroil qamoqxonasida bo‘lgan davridagi tibbiy kartasi borligi uchun amalga oshirilgan. HAMAS yetakchisi 2011-yilda asirlar almashish doirasida ozod etilgandi.

“Sinvar miyaning jiddiy shikastlanishiga olib kelgan o‘q jarohatidan so‘ng, yana bir necha soat yashagan”, dedi Kugel.

Yahyo Sinvar 2024-yilning iyul oyida HAMAS siyosiy yetakchisi Ismoil Haniya va G‘azoda yuqori darajali qo‘mondon Muhammad Deif o‘ldirilganidan so‘ng HAMASga rahbarlik qildi. U guruhning Isroil G‘azoga bostirib kirishiga mudofaaviy javobini boshqargan va o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarda qatnashgan.

Isroil Sinvarni 2023-yil 7-oktyabrda 1139 kishining o‘limi va 250 ga yaqin kishi garovga olingan HAMAS operatsiyasini rejalashtirganlikda ayblaydi. O‘tgan yil davomida Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy amaliyotlari oqibatida 43,3 mingdan ortiq kishi halok bo‘ldi va infratuzilma keng miqyosda vayron bo‘ldi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110517 | Инструменты