Huawei 1
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari qirg‘izistonlik ayollarni 10 nafargacha farzand ko‘rishga chaqirdi

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev ayollarni ko‘proq farzand ko‘rishga chaqirdi. U ikki nafar bola bilan chegaralanib qolmaslikni so‘radi. Bu haqda “Kaktus.media” xabar berdi.

Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p bolali oilalar mamlakat kelajagi uchun asosdir. Shu sababli qirg‘izistonlik ayollar besh-o‘n nafar bolani dunyoga keltirishi kerak.

Biz ko‘p farzandli bo‘lishimiz lozim. Ayollar, yosh kelinlar bunga alohida e’tibor qaratishi kerak. Faqat shundagina Qirg‘iziston taraqqiy etishi mumkin. Davlat xavfsizligini mustahkamlash bevosita aholi soni bilan bog‘liq. Agar aholi ko‘paymasa, xavfsizlikni ta’minlash murakkab vazifaga aylanadi. Hozirgi kunda dunyoda ulkan o‘zgarishlar sodir bo‘lmoqda va qo‘shni davlatlar aholi soni jihatidan bizdan o‘zib ketmoqda. Biz bu masalaga jiddiy yondashishimiz shart, deb ta’kidladi Tashiyev.

U davlat tug‘ilish darajasini oshirish uchun zarur sharoitlar yaratishga tayyorligini aytdi. Bular qatoriga bog‘cha, maktab va boshqa ijtimoiy obyektlar qurilishini kiritdi.

Bundan tashqari, Tashiyev baland tog‘li hududlar aholisi uchun onalik kapitalini joriy etish bo‘yicha hukumat rejasini ma’lum qildi. Mamlakatning ayrim viloyatlarida to‘rtinchi farzand uchun 100 ming som, beshinchisi uchun 600 ming som, yettinchisi uchun esa bir million som to‘lanishi ko‘zda tutilgan.

Sakkizinchi va to‘qqizinchi farzand uchun 1,5 million som, o‘ninchisi uchun esa 2 million som miqdorida to‘lov belgilanadi. Bu choralar hayot yaxshiligi tufayli emas, balki zaruriyatdan kelib chiqib ko‘rilmoqda. Butun Norin viloyati baland tog‘li hududda joylashgan va men yaqin yillar ichida viloyat aholisi sezilarli darajada ko‘payishiga umid qilaman. Ko‘pchilik so‘zlarimni hazil deb qabul qilmoqda, ammo unday emas. Bu juda jiddiy davlat dasturidir. Bizning maqsadimiz — aholi sonini iloji boricha tezroq 10, 15, 20 million kishiga yetkazishdir. Shunda mamlakatimiz kelajagi uchun xavotirlanishga o‘rin qolmaydi, deya xulosa qildi Qirg‘iziston MXQ raisi.

Bu kabi chaqiriq Tashiyev tomonidan birinchi marta e’lon qilinmayapti. U oktyabr oyida O‘shda bolalar bog‘chasi ochilishida DXX xodimlarining xotinlarini besh-olti nafardan bola tug‘ishga chaqirgandi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 110517 | Инструменты