Huawei 1
Rasman: Ramazon oyi 1 martdan boshlanadi

2025 yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 1 mart kuniga to‘g‘ri keladi. Bu haqda “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Muborak Ramazon oyini munosib tarzda o‘tkazish to‘g‘risida"gi qarorida so‘z boradi.

Ramazon oyini munosib kutib olish va yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida quyidagilar belgilangan:

1. 2025 yilda muborak Ramazon oyining boshlanishi 1 mart kuniga to‘g‘ri kelishi haqidagi O‘zbekiston musulmonlari idorasining axboroti ma’lumot uchun qabul qilinsin.

2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan birgalikda hududlarda Ramazon oyini milliy an’ana va qadriyatlarga mos tarzda o‘tkazishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirsin.

Ushbu fazilatli oyda “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida:

ehtiyojmandlar hamda ilm-ma’rifat yo‘lida izlanayotgan yoshlarga yordam berish bo‘yicha tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga;

oilaviy rishtalarni mustahkamlash, mahallalarda o‘zaro tushunish va ishonch muhitini kuchaytirish hamda hurmat va mehr-oqibat qadriyatlarini tarannum etishga;

atrof-muhitni asrash, muqaddas qadamjo, ziyoratgoh va  qabristonlarni obodonlashtirish, ko‘chatlar ekishga hamda Ramazon oyi bilan bog‘liq tadbirlarda me’yorga amal qilish va isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslikka alohida e’tibor berilsin.

3. O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi va boshqa ommaviy axborot vositalariga Ramazon oyini o‘tkazish bilan bog‘liq tadbirlarni keng yoritish tavsiya etilsin.

4. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.Q. Davletov zimmasiga yuklansin.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22723 | Инструменты