Huawei 1
Retsept bilan beriladigan dorilarni elektron retsept asosida tayinlash tartibi belgilandi

Hukumat qarori (570-son, 08.09.2025 y.) bilan “Tibbiyot tashkilotlarida retsept bilan beriladigan dori vositalarini elektron retsept asosida tayinlash tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra, elektron retsept asosida tayinlanadigan dori vositalari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.

Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor maʼlumotlari tibbiyot tashkilotida joriy qilingan tibbiy axborot tizimiga kiritiladi hamda avtomatik tarzda “Elektron tibbiy karta” moduliga uzatiladi.

Bemorga dori vositalari mazkur tibbiy axborot tizimida elektron retsept rasmiylashtirish orqali tayinlanadi.

Retsept davolovchi shifokor tomonidan elektron tasdiqlash usullarida tasdiqlanib, QR kod avtomatik tarzda qo‘yiladi. Bunda elektron retseptga oid zarur maʼlumotlar avtomatik tartibda “Elektron retsept” moduliga uzatiladi.

Shifokorlarga o‘zlari tomonidan bemorga elektron retsept asosida tayinlangan va chakana realizatsiya qilingan dori vositalari harakatini kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.

Elektron retseptga oid barcha maʼlumotlar bemorning elektron tibbiy kartasida avtomatik qayd etib boriladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 91119 | Инструменты