Huawei 1
Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi kurashgan O‘zbekiston fuqarosining asl jazosi shartlisiga almashtirildi

Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi kurashgan O‘zbekiston fuqarosining jazosi hukmdan 19 kun o‘tib yengillashtirildi, deya yozmoqda Gazeta.uz.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumani sudi 2024-yil 31-oktabrda ushbu shaxsni Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi (Yollanish) va 223-moddasi 2-qismining “a”, “b” va “v” bandlari (O‘zbekiston Respublikasining Davlat chegarasini yorib o‘tish yo‘li bilan, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib, takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan qonunga xilof ravishda chet elga chiqish yoki O‘zbekiston Respublikasiga kirish) bilan aybdor deb topdi. Buning uchun sud uni 6 yilga ozodlikdan mahrum qildi va sud zalida hibsga oldi.

Sud hukmiga ko‘ra, ayblanuvchi urushayotgan davlat fuqarosi bo‘lmagan, shaxsiy moddiy manfaatlarini ko‘zlab, boshqa davlat tomonida jangovar harakatlarda qatnashishga jalb qilingan.

Ayblanuvchi 2024-yil 19-fevralda mavsumiy ishlash uchun samolyotda Buxorodan Sankt Peterburgga kelgan. U yerdaligida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan shartnoma tuzgan va RF qurolli kuchlarida bir yil davomida pul mukofoti evaziga harbiy xizmat o‘tash majburiyatini olgan.

22-fevral kuni u shartnoma imzolagan va Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tomonida harbiy harakatlarda qatnashishga rozi bo‘lgan. Shundan so‘ng u Rostov viloyatidagi harbiy poligonga yetib kelgan va u yerda o‘qotar qurollardan foydalanish bo‘yicha 11 kunlik harbiy tayyorgarlikdan o‘tgan.

12-mart kuni ayblanuvchi harbiy kuzatuv ostida bo‘lgan vaqtida chegarani kesib o‘tgan va tan olinmagan Lugansk Xalq Respublikasi hududiga olib ketilgan va u yerda harbiy tayyorgarlikni davom ettirgan. Sud qarorida 2022-yil mart oyida O‘zbekiston Ukraina mustaqilligi, suvereniteti va hududiy yaxlitligini tan olishi hamda Lugansk va Donetsk Xalq respublikalarini (LXR va DXR) tan olmasligini aytgan sobiq tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovdan iqtibos keltiriladi.

28-mart kuni erkak DXRning Novomixaylovka qishlog‘idagi jangovar hududga jo‘natilgan. 31-mart kuni bo‘lib o‘tgan janglarda u dron portlashi oqibatida yaralangan va Rossiyaning Volgograd viloyatidagi harbiy gospitalga davolanish uchun olib ketilgan. Uning o‘ng yelka suyagida, pastki o‘ng yelkasining old tomonida va o‘ng tirsagining tashqi tomonida portlash oqibatida jarohatlangan chandiqlar bor.

Ayblanuvchi 12-iyul kuni O‘zbekistonga qaytib kelgan va 15-iyul kuni o‘z ixtiyori bilan Davlat xavfsizlik xizmatining Qashqadaryo viloyati boshqarmasiga qilgan ishiga iqrorligi haqida murojaat qilgan.

Apellyatsiya shikoyatida advokat sudlanuvchining harakatlarida chegarani noqonuniy kesib o‘tish jinoyati alomatlari yo‘qligini ta’kidlagan. U sudlanuvchi bilan birgalikda uning oilaviy ahvoli (yagona boquvchi, voyaga yetmagan bolalari bor), sudlanuvchining sog‘lig‘i (onkologik kasallik va jarohatlar), muqaddam sudlanmagani, aybiga iqrorligi va jinoyatni ochishdagi yordamini hisobga olgan holda ayblov tarkibidan ushbu moddani chiqarib tashlashni so‘radi.

Shuningdek, advokat va sudlanuvchi Jinoyat kodeksining 154-moddasi 1-qismi bilan ozodlikni cheklash tarzidagi jazo tayinlashni va sudlanuvchini qamoqdan ozod qilishni so‘radi.

19-noyabr kuni (birinchi instansiya sudining hukmidan 19 kun o‘tib) Qashqadaryo viloyati sudi apellyatsiya instansiyasi jazoni qayta ko‘rib chiqib, amaldagi jazoni shartli jazo bilan almashtirdi va ikki yillik sinov muddatini belgiladi.

Avval ham Ukrainaga qarshi urushda Rossiya tomonida qatnashgan O‘zbekiston fuqarolari ustidan sud jarayonlari haqida yozilgan. Quyida ushbu materiallarga havolalar mavjud.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 11615 | Инструменты