Huawei 1
Rossiyada o‘zbekistonlik ishchi 6-qavatdan yiqilib, vafot etdi

Joriy yilning 23 may kuni Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida 28 yoshli o‘zbekistonlik ishchi oltinchi qavatdan qulab tushib, halok bo‘ldi. Bu haqda “Peterburg2.ru” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, hodisa 28 yoshli O‘zbekiston fuqarosining Kolomenskaya ko‘chasidagi ko‘p qavatli uy tomini ta’mirlash vaqtida sodir bo‘lgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ushbu holat yuzasidan jinoyat ishi ochgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, quruvchi olti qavatli binoning tomidan yiqilgan. Tergovchilarning ma’lum qilishicha, pudratchi tashkilot xavfsizlik qoidalariga rioya qilmagan – ishchi balandlikda hech qanday sug‘urtalovchi moslamasiz va himoya to‘siqlarisiz ishlayotgan bo‘lgan.

Mazkur holatda Rossiya Jinoyat kodeksining 216-moddasi 2-qismi (qurilish ishlarida xavfsizlik qoidalarini buzish oqibatida odam o‘limiga sabab bo‘lish) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Jinoyat ishi doirasida gumonlanuvchiga ayblov e’lon qilingan va unga nisbatan ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ayni paytda barcha tafsilotlarni, jumladan, mansabdor shaxslarning beparvoligi ehtimolini ham o‘rganmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 52909 | Инструменты