O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva 1 may kuni Musulmon donishmandlar kengashi bosh kotibi Muhammad Abdusalom bilan uchrashdi. Bu haqda u o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozdi.
Saida Mirziyoyeva Islom dini asosida yotgan umuminsoniy va ma’naviy qadriyatlarni qo‘llab-quvvatlayotgani uchun mazkur nufuzli xalqaro tashkilotga minnatdorlik bildirgan.
“Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida O‘zbekiston konfessiyalararo totuvlikni, mamlakatimiz faxri bo‘lgan noyob islom merosini targ‘ib etish borasida butun dunyoda haqli ravishda e’tirof etilmoqda”, deb yozgan Mirziyoyeva.
Shuningdek, Prezident yordamchisi har yili o‘tkaziladigan Shayx Zoid nomidagi “Insoniy birodarlik” mukofotining hakamlar hay’ati tarkibiga kiritilgani ma’lum bo‘ldi va u “kamtarona xizmatlarim e’tirof etilgani”dan benihoya mamnun ekanini bildirdi.
“Faqatgina birgalikda sa’y-harakatlarimiz bilangina biz bu dunyoni yanada yaxshiroq qila olamiz”, deydi Saida Mirziyoyeva.
Ma’lumot uchun, Musulmon donishmandlar kengashi mustaqil xalqaro tashkilot bo‘lib, u 2014 yilda Birlashgan Arab Amirliklari Abu Dabi shahrida tashkil topgan. Misr Arab Respublikasi Bosh imomi, al-Azhar majmuasi rahbari, Shayx Ahmad Toyyib Kengashga raislik qiladi, Muhammad Abdussalom esa uning bosh kotibi hisoblanadi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 50508 | Инструменты