Samarqand viloyati hokimi o'rinbosari Jamshid Xaydarov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Guandun provinsiyasiga o'z tashrifini amalga oshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA.
O'zbekiston Bosh konsulxonasi ko'magida 70 dan ortiq xitoy kompaniyalarining vakillari ishtirokida "O'zbekiston (Samarqand) - Xitoy (Guandun) biznes-forumi va uning doirasida G2B va B2B shakllarda muzokaralar o'tkazildi.
Delegatsiya rahbari tadbir ishtirokchilariga Samarqand viloyatining iqtisodiy salohiyati, xorijiy investorlarga yaratilgan imkoniyatlar, jumladan, uning hududida tashkil etilgan "Urgut" erkin iqtisodiy zonasi (EIZ) faoliyati, undagi mavjud soliq, bojxona va boshqa turdagi imtiyozlar hamda yangi istiqbolli investitsion loyihalar yuzasidan batafsil ma'lumot berdi.
Xitoy kompaniyalari ushbu forum mamlakatlarimiz o'rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash uchun muhim platforma bo'lib xizmat qilishini ta'kidlab, Samarqand viloyatida savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va turizm yo'nalishlarida yangi loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.
Xususan, tog'-kon sanoati, elektrotexnika, kosmetika, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, vino va vinochilik hamda turizm yo'nalishlaridagi mavjud imkoniyatlar forum ishtirokchilarida katta qiziqish uyg'otdi.
Tadbir yakunida, Xitoy kompaniyalarining faoliyatidan kelib chiqib alohida guruhlar shakllantirish va ularni 2025-yil davomida Samarqand viloyatining tuman/shaharlariga biznes-missiyalarini tashkil etish yuzasidan kelishib olindi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 122807 | Инструменты