Huawei 1
Samarqand xalqaro aeroportida pnevmatik qurol ushlab qolindi

Samarqand xalqaro aeroportiga “Domodedovo-Samarqand” yo‘nalishidagi aviareys bilan uchib kelgan shaxs “yashil” yo‘lak orqali harakatlanib, bojxona nazoratidan o‘tayotganida xodimlar tomonidan to‘xtatilib, yo‘lovchining bagaj va qo‘l yuklari ko‘zdan kechirilgan.

Natijada, yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda maʼlum qilinmagan hamda tegishli hujjatlari bo‘lmagan qiymati 3,1 million so‘mlik 1 dona “MR-512” rusumli, 4,5 mm kalibrli pnevmatik qurol va unga tegishli 550 dona qo‘rg‘oshin o‘qlari va hamda 1 dona “Borner” nomli “opticheskiy pritsel” borligi aniqlangan. Bu haqda viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.

Holat yuzasidan protsessual hujjatlar rasmiylashtirilib, pnevmatik qurol va unga tegishli qo‘rg‘oshin o‘qlar vaqtinchalik saqlovga olingan. Shuningdek holat bo‘yicha bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Maʼlumot o'rnida, pnevmatik qurolni ichki ishlar organlarining tegishli ruxsatnomalarisiz olish, saqlash, olib yurish, tashish, foydalanish, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish yoki olib chiqish hamda O‘zbekiston Respublikasi hududi orqali tranzit olib o‘tish – qurolni musodara qilib, fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan o‘ttiz baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa – yigirma besh baravaridan ellik baravarigacha miqdorda jarima solishga yoki o‘n besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 13103 | Инструменты