Huawei 1
Samarqanddagi uylardan birida gaz portlashi oqibatida bir oilaning 4 a’zosi halok bo‘ldi

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanida ko‘ngilsiz hodisa yuz berdi: gaz portlashi oqibatida bir oilaning 4 a’zosi vafot etdi. Kun.uz muxbiri voqea joyida bo‘lib, qo‘shnilar bilan suhbatlashdi.

Hodisa bugun soat 6:30lar atrofida tuman markazidagi Mustaqillik mahallasida, ikki qavatli uyning 2-qavatidagi xonadonlardan birida sodir bo‘lgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, portlashga xonadonda gaz to‘planib qolishi va xonadon egasi buni bilmagan holda chiroqni yoqishi sabab bo‘lgan.

Portlash oqibatida R.S., M.S. hamda ularning farzandlari F.X. va D.X. voqea joyida vafot etgan.

“Soat 6:15larda o‘g‘limni uyg‘otdim, maktabga ketishi kerak edi. Soat 6:20larda o‘g‘lim portlash ovozini eshitgan. Yugurib tashqariga chiqdik. Qarasak, uy yonayotgan ekan. Portlash zilziladay bo‘lgan, o‘g‘lim qo‘rqib qolgan.

Hali tong otmagandi, g‘ira-shira qorong‘u edi. Hech kim yordam berolmadi. Qo‘shnimning turmush o‘rtog‘i Rustam aka kecha gaz keldimi, kelin, deb so‘ragandi. Yo‘q degandim. Bugun ertalab endi u kishining o‘zi yo‘q. Bitta oila yo‘q bo‘lib ketyapti, unaqa o‘limga loyiq emasdi bular”, deydi halok bo‘lgan oila qo‘shnisi.

Yana bir qo‘shni esa tongda kuchli portlashni eshitganini, tashqariga chiqib, kuchli yong‘in bo‘layotganini ko‘rganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, hech qanday yordam berishning imkoni bo‘lmagan.

“Farzandlari katta edi. O‘g‘li shu yil talaba bo‘lgandi, kontrakt asosida o‘qishga kirgandi. Do‘stining to‘yi sabab u ham uyiga kelgan ekan kecha”, deydi u.

Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinovning ma'lum qilishicha, holat yuzasidan prokuratura tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 102219 | Инструменты