Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Saudiya Arabistoni podshohligi Investitsiyalar vaziri Holid al-Falih hamda mamlakat Transport va logistika vaziri o‘rinbosari Mansur Alturki bilan uchrashdi. Uchrashuvda tomonlar transport sohasida istiqbolli loyihalar yuzasidan fikr almashdi.
Xususan, fuqaro aviatsiyasi sohasidagi hamkorlik doirasida “Vision Invest” kompaniyasi bilan imzolangan hadli bitim asosida “Yangi Toshkent” xalqaro aeroportini rivojlantirish loyihasining smeta hujjatlari joriy yilning iyul oyi yakuniga qadar ishlab chiqiladi.
Mazkur loyihaning amalga oshirilishi aviatsiya sohasidagi malakali ishchi xodim va mutaxassislarga bo‘lgan talabni keskin oshiradi. Shu jihatni inobatga olgan holda tomonlar “Injiniring, xizmatlar va aviatsiya sohasidagi kadrlarni tayyorlash akademiyasi” faoliyatini yo‘lga qo‘yish masalasini muhokama etishdi.
Shuningdek, yo‘l qurilishi sohasidagi investitsiya loyihalari ushbu jarayonda Saudiya Arabistoni korxonalarining ishtiroki bilan bog‘liq jihatlar ko‘rib chiqildi. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev saudiyalik hamkasbi Mansur Alturki bilan Ar Riyod shahrida barpo etilayotgan “Mega Metro” loyihasining taqdimoti bilan yaqindan tanishdi.
Uchrashuvlarda muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlari doirasida tomonlar kelgusida amalga oshiriladigan vazifalarni belgilab oldi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 60716 | Инструменты