Huawei 1
Senator bog‘chalardagi bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari bo‘yicha vazir Hilola Umarovaga so‘rov yubordi

O'zbekiston bo‘yicha jami 38 058 ta maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, shundan 31 139 tasini nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari tashkil etadi. Hozirda ushbu nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari bilan 946 540 nafar bola qamrab olingan.

Sohada erishilayotgan ijobiy natijalarga qaramasdan, ayrim muammolarning yuzaga kelayotganligi hammamizni birdek tashvishga solmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasida hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emasligi, 78-moddasida bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi belgilangan.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabarlar orqali ayrim maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilayotganini ko‘rishimiz mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Senatning Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi B. Abdullayev O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziriga senator so‘rovi yubordi.

So‘rovda qayd etilishicha, so‘nggi vaqtlarda ayrim nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan zo‘ravonlik holatlari sodir etilmoqda.

Xususan, Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Tanzilandiya” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotining tarbiyachilari tomonidan ushbu tashkilot tarbiyalanuvchilariga nisbatan zo‘ravonlik harakatlari sodir etilganligi, Yunusobod tumanidagi “First Daycare” nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachisi va tarbiyachi yordamchisining bolalardan birini ovqat yemagani uchun stulga skotchlab qo‘yganligi aniqlandi.

Bu kabi salbiy holatlarning so‘nggi vaqtlarda ko‘payishi maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga ko‘rsatilayotgan ta’lim va tarbiya xizmatlari hamda ularga yaratilgan sharoitlarni monitoring qilish qoniqarsiz yo‘lga qo‘yilganligini ko‘rsatmoqda. 

Hozirda respublika bo‘yicha 31 139 ta nodavlat maktabgacha ta’lim tashkiloti va 6 919 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti faoliyat ko‘rsatayotganligini inobatga oladigan bo‘lsak, yuqoridagi kabi noxush holatlarning yuz bermayotganligiga hech kim kafolat bermaydi.  

Senator vazirdan maktabgacha ta’lim tashkilotlari, shu jumladan nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bolalarga nisbatan sodir etilayotgan zo‘ravonlik holatlarining sabablari va ularning oldini olish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar to‘g‘risida tushuntirish berishni so‘radi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 22817 | Инструменты