Huawei 2
Senatorlar Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish holatini muhokama qildi

Senatning ellik uchinchi yalpi majlisida Samarqand viloyati mahallalarida tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha ishlar holati tahlil qilindi.

Taʼkidlanganidek, viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda qator ijobiy natijalarga erishilgan.

Xususan, mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan 2023-yil boshidan 783,3 mingta xonadon xatlovdan o‘tkazilgan, daromad topishga harakat qilayotgan va istagida bo‘lgan 298 ta xonadon chorvachilik va parrandachilik, 331 tasi savdo va xizmat, 264 tasi dehqonchilik va issiqxona, 123 tasi bog‘dorchilik, 34 tasi kichik ishlab chiqarish, 10 tasi hunarmandchilik va 66 tasi boshqa yo‘nalishlarda aholi daromadlarini oshirish choralari ko‘rilgan.

Hokim yordamchilari bilan birgalikda jami 423 mingdan ortiq kishining bandligi taʼminlangan. “Onlayn mahalla” platformasida 5441 ta mikroloyiha ishga tushirilishi natijasida loyiha qiymati 1 270 mlrd so‘m mablag‘ o‘zlashtirilib, 23507 nafar fuqaro ishli bo‘lgan.

Ixtisoslashgan mahallalarga yaqin hududlarda 44 ta mikromarkaz tashkil etilib, 507 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

Shu bilan birga, majlisda senatorlar tomonidan amalga oshirilgan ishlar bilan bir qatorda ayrim kamchilik va muammolar ham mavjudligiga eʼtibor qaratildi.

Viloyatda 2024-yilning 1-yanvar holatiga faoliyat ko‘rsatayotgan tadbirkorlik subyektlarining soni 2023-yilga nisbatan 10,5 mingtaga kamaygan. Ishchi sonini umuman ko‘rsatmagan korxonalarning 322 tasida jami 518 nafar nolegal ishchilar mavjud bo‘lib, ulardan bir yilda kamida 800 mln so‘m daromad solig‘i yo‘qotilgan.

Shuningdek, hokim yordamchilari tavsiyasi asosida oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida ajratilgan 1,5 trln so‘mlik kreditning 72,3 mlrd so‘mi muammoli kreditga aylangan.

Bundan tashqari, tadbirkorlikni tashkil etish va yangi ish o‘rinlarini yaratish bo‘yicha mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanilmagan.

Viloyatda tadbirkorlar murojaatlarini o‘z vaqtida ko‘rib chiqishda ham kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgan. “Tadbirkor virtual ofisi” axborot portali orqali kelib tushgan murojaatlarni ko‘rib chiqish tartibi va muddati ustidan nazorat o‘rnatilgan bo‘lishiga qaramay, murojaatlarning 205 tasi bo‘yicha ko‘rib chiqish muddati buzilgan.

Samarqand shahrida, Pastdarg‘om, Urgut, Ishtixon, Narpay, Payariq, Bulung‘ur tumanlarida tadbirkorlarning murojaatlari ko‘rib chiqilishida qonun buzilishga yo‘l qo‘yilgan.

Senatorlar tomonidan mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar masʼul vazirlik va idoralarga ko‘rsatib o‘tildi hamda bu borada ishbilarmonlik muhitini yaxshilash, tadbirkorlik sohasida mavjud talablar va tartib-taomillarni soddalashtirish bo‘yicha qator takliflar bildirildi.

Xususan, viloyatda hududlarining xususiyatlari, “o‘sish nuqtalari” va salohiyatini inobatga olib, tadbirkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, “Onlayn mahalla” elektron platformasini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari bilan to‘liq integratsiya qilinishini taʼminlash lozimligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Izohlar: 0
Siz identifikatsiyadan o'tmadingiz
Ro'yxatda bo'lmay turib izoh qo'shish

Tepaga

Alpha version: 0.9.1.19 build 62802 | Инструменты