O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Serbiyaga tashrif buyurdi.
Delegatsiya tarkibidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Ichki ishlar vazirligi va Migratsiya agentligi vakillari o‘rin oldi.
Tashrif doirasida Serbiya mehnat, bandlik, faxriylar va ijtimoiy masalalar vaziri Nemanya Starovich, Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Nikola Stoyanovich va Serbiya Ichki ishlar vazirligi davlat kotibi Vladan Zagrajanin bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Uchrashuvlar chog‘ida tashqi mehnat migratsiyasi, viza tartibini soddalashtirish, shuningdek, Serbiyada mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.
Migratsiya va mobillik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimni ishlab chiqish hamda imzolash to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
Bundan tashqari, har ikki tomon uchun qulay vaqtda ikki davlat konsullik-huquqiy departamentlari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar o‘tkazishdan o‘zaro manfaatdorlik bildirildi.
Tomonlar iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, xususan, ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni faollashtirish uchun shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirishga kelishib oldilar.
Tashrif natijalari O‘zbekistonning Serbiya bilan o‘zaro munosabatlarni mustahkamlash va tomonlarni qiziqtirgan turli sohalarda manfaatli hamkorlikni rivojlantirish istagini tasdiqlaydi.
Eslatib o'tamiz, bundan oldin O'zbekiston va Vengriya mehnat migrantlari uchun viza berish tartibini soddalashtirishni ko'rib chiqyotgani haqida xabar bergan edik.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22120 | Инструменты