Senatning to‘rtinchi yalpi majlisida “Aholiga sud muhokamalarida masofadan ishtirok etish uchun yanada qulay sharoitlar yaratilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mamlakatda sudlov faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan islohotlar fuqarolarning o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilish yuzasidan sudlarga murojaat qilish jarayonlarini liberallashtirmoqda.
Shuningdek, bu sohadagi islohotlar odil sudlovga erishish darajasini oshirish bilan birga sudlar faoliyati ochiqligi va shaffofligini taʼminlash imkonini bermoqda.
Majlisda senatorlar tomonidan bugungi kunda videokonferensaloqa rejimida o‘tkaziladigan sud majlislarida mobil videokonferensaloqa tizimidan foydalanishning huquqiy asoslarini yaratish orqali protsessual qonunchilikni takomillashtirish zaruriyati mavjudligi qayd etildi.
Muhokama qilingan Qonunda Fuqarolik protsessual kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi va Maʼmuriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga aholining sud muhokamalarida masofadan ishtirok etishining huquqiy asoslarini yaratuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Xususan, Fuqarolik protsessual kodeksida videokonferensaloqa rejimidagi sud majlisida masofadan ishtirok etayotgan guvohlar, ekspertlar, mutaxassislar, tarjimonlarga o‘z huquqlari, majburiyatlari va javobgarligi tushuntirilganligi, shuningdek guvohning qasamyodi audio- va videoyozuv orqali qayd etilishi, bu haqida sud majlisi bayonnomasida ko‘rsatilishi kerakligi belgilanmoqda.
Ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yana-da oshirish, fuqarolarning buzilgan huquq va erkinliklari, shuningdek qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 22211 | Инструменты