20 may kuni Toshkent shahar hokimiyatida Shota Rustaveli ko‘chasini kompleks rekonstruksiya qilish, ko‘cha o‘rtasida tezyurar avtobus yo‘lagi (BRT) tashkil etishga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Unda hokimiyat, “Toshkent invest” kompaniyasi va bosh pudratchi China State Construction Engineering korporatsiyasi mas’ullari ishtirok etdi.
Qayd etilishicha, poytaxt ko‘chalaridagi yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash loyihasi jami 300 mln dollarga baholangan bo‘lib, bu borada China State Construction Engineering bilan shartnoma tuzilgan.
Shartnoma doirasida Shota Rustavelidan tashqari, yana 3 ta: Yangi Sergeli, Shahrisabz va Amir Temur ko‘chalarida BRT (bus rapid transit), ya’ni avtobuslar yo‘lning o‘rtasidan tezkor harakatlanishi uchun maxsus yo‘laklar quriladi. Buning uchun 50 mln dollar sarflanadi.
Bu 4 ta ko‘cha uzluksiz transport arteriyasini hosil qiladi: Sergeli tumanining aholi eng zich joylashgan nuqtalaridan boshlanib, Yunusobod tumani markazigacha davom etadi.Rasmiylarning ta’kidlashicha, China State Construction Engineering korporatsiyasi kiritadigan investitsiya mablag‘lari 7 yil ichida davlat budjeti hisobidan xitoylik tadbirkorlarga to‘lab boriladi. Bunda qoplash muddati sarf qilinish muddatidan boshlanishi aytilmoqda.
Hokimiyat BRT tizimi qilinadigan 4 ta ko‘chaga oid loyiha chizmalari, taqdimotlarini taqdim qildi.
Alpha version: 0.9.1.19 build 82120 | Инструменты