Bemor faqat tibbiy muolajalar bilangina sog‘ayishi mushkul. Chunki dori-darmonlar xastalik o‘chog‘ini bartaraf etishga ko‘maklashsa, sog‘lom ovqatlanish va to‘g‘ri parvarish organizmning to‘laqonli tiklanishini ta’minlaydi.
Shu sababli o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bolalarni uy sharoitida davolash jarayonida shifokorlarning quyidagi tavsiyalariga qat’iy rioya qilish talab etiladi.
Ambulator muolaja olayotgan bemor o‘g‘il-qizlarning tezroq tuzalishida ota-onalarning roli katta.
Negaki, bunday vaziyatda ularni alohida xonada to‘g‘ri parvarishlash, gigiyena qoidalariga amal qilish va eng muhimi, sog‘lom ovqatlantirish kerak.
Chaqaloqlar ORVIga chalinganda ularga ona suti mumkinmi?
Olti oygacha bo‘lgan chaqaloqlarni oziqlantirishda ona sutining o‘rnini bosadigan mahsulot yo‘q. Ayni sababdan bunday go‘daklarni bemorlik chog‘ida ham istisnosiz emizish tavsiya etiladi.
Olti oydan oshgan bolalar taomnomasidan esa bosqichma-bosqich qo‘shimcha ovqatlar o‘rin olishi, tabiiy. Shunday ekan, ularni odatdagidek oziqlantirishda davom etish kerak.
Xo‘sh, bu nega muhim?
Bemor o‘g‘il-qizlarga darmondorilarga boy yeguliklar berilsa, ularning kasallik bilan kurashish qobiliyati oshib, tezroq oyoqqa turadi. Ya’ni quvvati tiklana borgach, organizmning o‘zi xastalikni siqib chiqaradi.
Bolalar kasal bo'lganda ishtaxasi bug'ilib, injiq bo'lib qolishadi. Bunday vaziyatlarda qanday yo'l tutish kerak?
Bunday paytda ularni ovqatlanishga undash kerak. Yoshiga mos, avval ham yeb o‘rgangan hamda o‘zi sevib iste’mol qiladigan, yumshoq pishirilgan, ishtaha ochuvchi mahsulotlar berilishi maqsadga muvofiq.
Shifokorlar bolani kasal paytida tez-tez, kam-kam ovqatlantirishni tavsiya qiladi. Sog‘aygach esa odatdagidan ham ko‘proq taomlar berish mumkin.
Kasallik paytida asosan nimalarga e'tibor berish kerak?
Kasallik chog‘ida bolaga ko‘p miqdorda suyuqlik ichirish lozim. Qaynatilgan suv yoki uyda tayyorlangan meva sharbatlari tomoqdagi yo‘tal va og‘riqni yumshatib, tanadan viruslarning tezroq chiqib ketishini ta’minlaydi.
Lekin shuni ham unutmaslik kerakki, bemor bolani qat’iy parhezga o‘tkazish mumkin emas. Shu bilan birga, yangilik yaratish ham to‘g‘ri bo‘lmaydi. Masalan, bolaga avval iste’mol qilmagan taomlar va mahsulotlarni vaqtincha bermagan ma’qul.
Avvalroq, bemor bolalarga qanday holatda isitma tushiruvchi dorilar berish lozimligi haqida yozgandik.
Sizga qiziq bo'lishi mumkin:
JSST bolalar o'limiga sabab bo'lgan siroplar keng tarqalganidan havotirda
Alpha version: 0.9.1.19 build 62409 | Инструменты